Avvalroq Shavkat Mirziyoyevning kichik va o‘rta biznes vakillari bilan sohani rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuvi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Unda kichik biznesdagi kelgusi qadamlarni belgilab beradigan besh yillik strategiya ishlab chiqilgani ma’lum qilindi.
Strategiyani xalqaro moliya tashkilotlari ham qo‘llab-quvvatlashi va yangi biznes yo‘nalishlari bo‘yicha ilg‘or tajriba, innovatsiya, texnologiya va xalqaro standartlarni joriy qilishda ko‘maklashishga tayyorligi qayd etildi. Buning uchun ular $470 mln resurs ajratmoqchi.
Jumladan, Osiyo taraqqiyot banki “Moliyaviy ommaboplik” dasturi doirasida kichik va o‘rta biznesga $100 mln, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki “yashil” va innovatsion loyihalar uchun $200 mln, Fransiya taraqqiyot agentligi esa ayollar tadbirkorligi uchun 30 mln yevro ajratmoqda.
Uchrashuvda ushbu tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari rahbarlari so‘zga chiqib, o‘z fikr va takliflarini aytdi. Davlat rahbari ular vakillik qilayotgan tuzilmalarga ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun minnatdorlik bildirib, hamkorlik kengayishi uchun barcha sharoitlar yaratilishini ta’kidladi.
Prezident Kichik biznes uyushmasini tashkil qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Uyushma bugun muhokama qilingan dolzarb masalalar — raqobatbardosh bo‘lish, yangi bozorlarga kirib borish, standart, yangiliklarga o‘qitish, brend yaratish hamda startaplarni yuzaga chiqarib, ko‘paytirishga yordam beradi.
Kichik biznes bilan ishlashga mahalladagi hokim yordamchisi, mahalla bankiridan tortib, banklar, bandlik vaziri hamda bosh vazir o‘rinbosarlarigacha juda katta tizim “safarbar qilingani” ta’kidlandi.
Mutasaddilarga, viloyat hokimlariga kichik biznes vakillari bilan samarali muloqotni yo‘lga qo‘yib, ular ko‘targan tizimli masalalarni tezkor hal qilib borish topshirildi.
7-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida Savdo va servis tadbirkorlar uyushmasini tashkil etilishi ma’lum qilingandi. Tadbirkor Zafar Hoshimov mazkur uyushmaga rahbarlik qiladi.