2025-yilda kichik va o‘rta biznes loyihalari uchun 120 trln so‘m yo‘naltiriladi. Bu haqda 19-mart kuni Shavkat Mirziyoyevning kichik va o‘rta biznes vakillari bilan sohaning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish va rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuvida ma’lum qilindi.

Mamlakatda kichik va o‘rta biznes ish o‘rni, investitsiya, innovatsiya, raqobat, qo‘shilgan qiymat va eksportni ko‘paytirishga eng katta turtki berayotgan yo‘nalishga aylangani qayd etildi.

Kichik va o‘rta tadbirkorlar soni besh yilda 2 karra ko‘paydi, ularda ishlayotganlar spni 10,5 mlnni tashkil etadi. Iqtisodiyotning yarmidan ko‘pi, sanoat va eksportning uchdan biri shu soha vakillari hissasiga to‘g‘ri keladi.

“O‘zgarishlarga tez moslashadigan, yangilik va raqobatdan qo‘rqmaydigan, muhimi, odamlarni ishli qilib, daromadini ko‘paytirishda eng faol soha ham bu — kichik biznes. Shu bois, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash bundan keyin ham davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi”, — dedi davlat rahbari.

Prezident 2025-yil uchun sohadagi asosiy maqsad va vazifalarga to‘xtaldi. Bular qatorida kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi ulushini 55% ga ko‘tarib, $70 mlrdlik qo‘shilgan qiymat yaratish bor.

Shu bilan birga, yangi bozorlarga kirib borishda transport, sertifikat va standart masalalariga ko‘maklashib, kichik biznes eksportini $9 mlrddan $12 mlrdga olib chiqish, ichimlik suvi, kanalizatsiya, yo‘l, qurilish, kommunal xo‘jalik, yetkazib berish, utilizatsiya, migratsiya, madaniyat va ijtimoiy xizmatlarda kichik biznes ulushini 2−3 karra oshirish belgilanmoqda.

Sohada 1,5 mln doimiy ish o‘rni tashkil qilib, sohada band aholi ulushi 75% ga yetkaziladi, 100 nafardan ko‘p ishchisi bor korxonalar soni 4 mingtaga olib chiqiladi.

Prezident kichik biznesda yangi 100 ta brend mahsulot chiqarishni yo‘lga qo‘yishni hamda ular ishtirokida 200 ta startap loyihalarni moliyalashtirishni topshirdi.

Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish bo‘yicha xorijiy ekspertlar bilan ishlab chiqilgan dasturga 2025-yilda barcha manbalar hisobidan 10 mlrd ajratiladi.

“Bu yil kichik va o‘rta biznesga 120 trln so‘m resurs beriladi. Buncha katta mablag‘ ilgari hech qachon bo‘lmagan”, — dedi davlat rahbari.

Xususan, aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun 22 trln so‘mlik imtiyozli resurs ajratiladi. Shundan jami 5 trln so‘mi yoshlar va ayollar tadbirkorligi loyihalari uchun yo‘naltiriladi. Ayol tadbirkorlarga kredit stavkasi boshqalarga nisbatan 2% arzon bo‘ladi.

2025-yildan kichik biznesga 300 mln so‘mgacha kredit berish boshlandi. Endilikda bir yilda yiriklashib, kichik yoki o‘rta korxonaga aylangan tadbirkorlarga uning 150 mln so‘mi garovsiz beriladi. Oilaviy tadbirkorlik bo‘yicha ham 50 mln so‘mgacha garovsiz kredit beriladi.

Mutasaddilarga oldingi kreditidan kechikkan qarzi bo‘lmagan tadbirkorlarga yangi imtiyozli kredit olish imkonini yaratish topshirildi.

Avvalroq kichik biznesga ayrim sug‘urtalash va sertifikatlash xarajatlarining bir qismi qoplab berilishi ma’lum qilingandi. Mazkur tartib joriy yil oxirigacha amal qilib, uning doirasida import qilinadigan asbob-uskunalar xarajatlari uchun 11,25 mln so‘mgacha kompensatsiya olish mumkin.