Kichik va o‘rta biznes uchun yangi talablarga uch yillik moratoriy joriy etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning kichik va o‘rta biznes vakillari bilan sohani rivojlantirish masalalariga bo‘yicha o‘tkazilayotgan uchrashuvida ma’lum qilindi.
Hozirda barcha toifadagi tadbirkorlarga faoliyatini tugatish uchun bir xil talab belgilangan. Ya’ni, katta-kichik biznesning barchasi moliyaviy auditdan o‘tishga majbur. Natijada ixtiyoriy tugatishga ariza bergan minglab kichik korxonalar qachon tekshiruvchi kelib, auditdan o‘tkazishini kutayotgani ta’kidlandi. Muloqotda bu jarayon soddalashishi e’lon qilindi.
Endi oxirgi uch yillik aylanmasi 10 mlrd so‘mdan oshmagan, soliqdan qarzi bo‘lmagan korxonani ixtiyoriy tugatishda tekshiruv o‘tkazilmaydi. 2028-yilgacha QQS va foyda solig‘i stavkasi oshirilmasligi belgilab qo‘yilgan.
“Endilikda kichik va o‘rta biznesga qo‘shimcha talab va majburiyat yuklaydigan normativ hujjatlar qabul qilishga ham uch yillik moratoriy e’lon qilinadi”, — dedi davlat rahbari.
Shu bilan birga, fermerlarning soliqdan qarzini vaqtida to‘lay olmagani uchun shu paytgacha yig‘ilib qolgan 1 trln so‘mlik penyasini undirishdan voz kechiladi.
Uchrashuvda dunyoda sun’iy intellekt, innovatsiya, raqamli va “yashil” texnologiyalar, kreativ xizmatlar orqali “katta sakrash” bo‘layotgani qayd etildi. Mamlakatning betakror tabiati, tog‘ va yaylovlari, tarixiy obidalari kino industriyasi, konsert-tomosha faoliyati va turizmda yangi loyihalarni amalga oshirish uchun katta imkoniyat ekani ta’kidlandi.
Masalan, “Ichan qal’a” tarixiy kino va serial olish uchun tayyor sahna. Ko‘p davlatlar bunday sahna paviloni qurishga millionlab dollar sarflayapti. Yoki, Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Qo‘qon, Namangan kabi yirik shaharlarda xalqaro ko‘rgazma, forum va konsertlar o‘tkazish uchun barcha imkoniyatlar bor.
“Men ham mana shunday sohalarda loyiha qilaman, degan intiluvchan tadbirkorlarga eng qulay sharoitlar yaratib berishga tayyorman”, — dedi davlat rahbari.
Avvalroq 1-apreldan soliq organlari tadbirkorlar faoliyatidagi tekshiruvlarni yangi tartibda amalga oshirishi haqida xabar berilgandi. Sayyor soliq tekshiruvlarini tegishli tizimda ro‘yxatga olish bilan Biznes-ombudsmanni xabardor etgan holda amalga oshirishga ruxsat beriladi.