Telegram asoschisi Pavel Durov oylik faol foydalanuvchilar (MAU) soni 1 milliarddan oshganini ma’lum qildi. Bu haqda tadbirkor o‘zining Telegram-kanalida yozdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Telegram ichki bozorga yo‘naltirilgan Xitoyning WeChat’ini hisobga olmaganda, dunyodagi ikkinchi mashhur messenjerga aylandi.

Foydalanuvchilar faolligi ham ortib bormoqda: har bir foydalanuvchi kuniga o‘rtacha 21 marta Telegramni ochadi va ilovada 41 daqiqa vaqt sarflaydi.

2024-yilda Telegramning foydasi $547 mln ni tashkil etdi (birinchi yarim yillik yakunlariga ko‘ra — $335 mln).

Birinchi o‘rinda Durov “Telegramning arzon va soddalashtirilgan imitatsiyasi” deb atagan WhatsApp turibdi. Milliarderning ta’kidlashicha, WhatsApp ko‘p yillar davomida Telegram innovatsiyalaridan nusxa olishga urinib, “raqobatchining rivojlanishini sekinlashtirish maqsadida lobbichilik va piar-kampaniyalarga milliardlab mablag‘ sarflagan”, biroq buning uddasidan chiqa olmagan.

Durovning ta’kidlashicha, Telegram o‘sib, daromadli bo‘ldi va WhatsApp’dan farqli ravishda o‘z mustaqilligini saqlab qoldi.

Tadbirkorning “mustaqillikni saqlab qolish” iborasi ostida 2024-yil avgust oyining oxirida Fransiyada qamoqqa olinganini nazarda tutgan bo‘lishi mumkin.

O‘shanda unga 6 ta banddan iborat ayblov qo‘yilgan edi, jumladan, noqonuniy pul o‘tkazmalari uchun foydalaniladigan platformani boshqarishda ishtirok etish. Tergov hali ham davom etmoqda.

Dekabr oyida Pavel Durov Telegram uch yillik monetizatsiya davrida birinchi marta daromadli bo‘lgani, 2024-yil esa “juda muvaffaqiyatli” bo‘lganini ma’lum qilgan edi.

Xususan, Telegram Premium obunachilari soni uch baravar ko‘payib, 12 million foydalanuvchiga yetdi, reklamadan tushgan daromad “bir necha barobar” oshdi va messenjerning umumiy daromadi $1 mlrddan oshdi.


Avvalroq Spot Pavel Durov hibsga olinganidan keyin ilk bor Fransiyani tark etib, Dubayga qaytgani haqida yozgandi.