Avvalroq Xitoyning Temu marketpleysi yuridik shaxs — O‘zbekiston rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tgani haqida xabar berilgandi. ILMA bu haqida ma’lumotga ega emasligini bildirdi.

Undan keyinroq Soliq qo‘mitasi Temu O‘zbekistonda soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tganini ham ma’lum qildi.

“Biroq, o‘tgan davrlar uchun marketpleys bilan muhokama qilinadigan masalalar mavjud. Hozirda muzokaralar olib borilmoqda”, — deyiladi xabarda. Jarayon yakunida qo‘mita Temu marketpleysining O‘zbekiston hududidagi faoliyati yuzasidan yakuniy xulosani e’lon qilishga va’da berdi.

“O‘tgan davr” deganda idora, ehtimol, Temu noqonuniy ishlagan, ya’ni mamlakatda soliq to‘lamagan vaqt oralig‘ini nazarda tutgan. Vaziyatdan xabardor bo‘lgan Spot suhbatdoshi tomonlar platformaning mamlakat hududidagi noqonuniy faoliyat davri uchun soliqlarni qo‘shimcha hisoblash bo‘yicha kelishib olishlarini taxmin qildi.

ILMA elektron tijorat boshqarmasi boshlig‘i Kamronbek Muhammadiyevning Gazeta.uz'ga ma’lum qilishicha, Temu yuridik shaxs ro‘yxatdan o‘tgunga qadar bo‘lgan davr uchun QQS to‘lashi kerak. Yana bir talab — fiskal cheklarni berish uchun Soliq qo‘mitasining axborot tizimlari bilan integratsiya qilish orqali operatsiyalarni fiskallashtirish.

“Blok hali olib tashlanmagan. Cheklovni bekor qilish to‘g‘risidagi qaror barcha talablar bajarilgandan va tegishli tashkilotlar bilan kelishilgandan keyingina qabul qilinadi. Bu haqda rasman e’lon qilamiz. Shuning uchun Temu orqali buyurtma berishdan voz kechish bo‘yicha tavsiyalar dolzarbligicha qolmoqda”, — dedi Kamronbek Muhammadiyev.

O‘zbekistonda Temu faoliyati

2024-yil oxirida O‘zbekistonda elektron tijorat uchun yangi qoidalar tasdiqlandi. 28-dekabrdan boshlab o‘zbekistonlik foydalanuvchilar bilan ishlaydigan xalqaro platformalar yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazishi shart. Yangi qoidalar nima uchun joriy etilgani va ular bozorga qanday ta’sir ko‘rsatishini Spot avvalroq ko‘rib chiqqandi.

Ayrim platformalar yuqoridagi talablarga moslasha boshladi, biroq Temu bunday qilmadi. Xitoy marketpleysi O‘zbekistonda faol targ‘ibotni olib bordi, biroq yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazmadi.

Elektron tijorat sohasini tartibga soluvchi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) Temu faoliyatiga bir necha bor izoh berib, ehtimoliy bloklanishi borasida ogohlantirgandi.

Joriy yilning 20-martidan platformaga kirish cheklanadi. Foydalanuvchilarga yangi buyurtmalarni rasmiylashtirmaslik, agar buyurtma qilingan bo‘lsa, to‘lovni qaytarish tavsiya etildi.

ILMA elektron tijorat boshqarmasi boshlig‘i Kamronbek Muhammadiyev Spot’ga bergan intervyusida Temu faoliyatini cheklashda nima uchun aynan shu muddat tanlangani, blokirovka qanday bo‘lishi va kompaniya cheklovlardan qochish uchun nima qilishi mumkinligiga izoh berdi.

Avvalroq Wildberries uch yil ichida deyarli $4 mlnlik qo‘shimcha soliq to‘lagani haqida xabar berilgandi. Soliq qo‘mitasi qonunchilikning “ayrim talablari"ga rioya qilmagani uchun bozorning mahalliy “sho‘ba korxonasi"ni auditdan o‘tkazdi.