Turk lirasi AQSh dollariga nisbatan rekord darajadagi past ko‘rsatkichga tushib ketdi, deya xabar bermoqda RBK Investitsii

Xalqaro Forex bozorida dollarning turk lirasiga nisbatan kursi qariyb 12%ga ko‘tarilib, tarixda birinchi marta 41 liradan oshdi. Masalan, avvalgi sessiya yopilishida dollar kursi 36,6 lirani tashkil etgandi.

19-mart kuni savdo boshlanishida turk kompaniyalarining aksiyalari qiymatini yo‘qotdi, 10 yillik davlat obligatsiyalarining daromadliligi esa 175 bazis punktga ko‘tarilib, 29,94%ga yetdi. Bu joriy yildagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Istanbul fond birjasining asosiy indeksi Borsa Istanbul 100 (BIST 100) 6,9%ga quladi, natijada savdolar vaqtincha to‘xtatildi.

Biroq, RBC xabar qilishicha, birja savdolari qayta boshlanganidan so‘ng BIST 100 indeksining pasayishi sekinlashdi.

Toshkent vaqti bilan soat 17:16 holatiga turk lirasining AQSh dollariga nisbatan qiymati 38,03ni tashkil qildi

Fond bozori va turk lirasining qulashi amaldagi prezident Rajab Erdo‘g‘anning asosiy raqiblaridan biri hisoblangan Istanbul meri Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishi fonida sodir bo‘ldi. Imomo‘g‘li bilan birga shahar meriyasining yana 100 ga yaqin xodimi hibsga olingan.

Prokuratura bayonotiga ko‘ra, muxolifatchi mer korrupsiya, poraxo‘rlik va tenderlarda firibgarlik qilishda, shuningdek, “Kurdiston ishchilar partiyasi” va “Kurdiston hamjamiyatlari ittifoqi” terrorchilik tashkilotini qo‘llab-quvvatlashda ayblangan.

Hibsga olish Istanbul universiteti Imomo‘g‘li diplomini bekor qilganining ertasi kuni sodir bo‘ldi. Bu holat uning Turkiyada 2028-yilda bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan navbatdagi prezidentlik saylovlarida ishtirok etishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.