Janubiy Koreyaning Ulsan shahri ma’muriyati o‘zbekistonliklarga mehnat vizalarini berishni soddalashtiradi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
17-mart kuni vazir o‘rinbosari Olimjon Abdullayev va Ulsan shahri meri Kim Du Gyom boshchiligidagi Janubiy Koreya delegatsiyasi o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Unda kadrlar salohiyatini rivojlantirish, fuqarolarni shahardagi yirik sanoat obyektlaridagi ishlarga jalb etish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Kim Du Gyom Koreya tarixida ilk bor o‘zbekistonliklarga shahar meriyasi orqali soddalashtirilgan tartibda mehnat vizalarini berish mexanizmlari ko‘zda tutilayotganini ma’lum qildi.
Endi bitiruvchilarga uch oylik kasbiy tayyorgarlik va til kurslaridan so‘ng mehnat vizasi berilib, ishga joylashtiriladi. Loyiha pilot tarzida amalga oshirilib, ijobiy natijadan keyin boshqa shaharlar ham bu mexanizmni joriy etishi mumkin.
Koreya tomoni fuqarolarni Ulsan korxonalarida oilalari bilan birgalikda, tashkiliy ravishda ishga joylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.
Bu fuqarolarning mamlakatda bo‘lish talablarini buzmaganlik asosida belgilanadi. Tomonlar fuqarolarni iqtisodiyotning sanoat va boshqa tarmoqlariga ishga jalb etishga kelishishdi.
2024-yilning avgust oyida O‘zbekiston va Koreya fuqarolarni E-8 (mavsumiy) va E-7 (professional) vizalari asosida ishga jo‘natish masalalarini muhokama qildi. 5 ming nafar fuqaroni Ulsanga ishga jalb qilishga va o‘zbekistonliklarning noqonuniy ishlashiga chek qo‘yishga kelishildi.
Noyabr oyida kelishuv doirasida Hyundai kompaniyasiga kamida 350 nafar mutaxassis yetkazib berilishi, loyiha o‘zini oqlasa, Kia va Samsung kabi kompaniyalarga ham minglab ishchilar yuborilishi ma’lum qilindi.
Avvalroq Migratsiya agentligi Koreyaning O‘zbekistondan ishchi kuchiga bo‘lgan talabi kamayayotganini bildirgandi. Bu fuqarolarning Koreyadagi ish joylaridan noqonuniy chiqib ketishi va qonun talablariga amal qilmasligi kabi holatlar bilan bog‘liq.