Ikki oyda noqonuniy ravishda Umra tadbirlarini tashkil etgan 20 ga yaqin turfirmaga chora ko‘rildi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Qo‘mita hamda mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda Haj va Umra ziyoratlarini qonunga xilof ravishda tashkil etishning oldini olish maqsadida tekshiruvlar o‘tkazildi. Natijada, aniqlangan holatlarni tartibga solish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy choralar ko‘rilmoqda.
Xususan, Umra litsenziyasiga ega bo‘lmasdan xizmat ko‘rsatayotgan 31 ta sayyohlik firmasi mas’ullariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Umra faoliyatini litsenziyasiz amalga oshirgan 24 ta turfirmada esa tekshiruv o‘tkazilib, ularning 19 tasiga 75 mln so‘mdan jarimalar qo‘llanildi. Shundan 5 tasi “Reklama to‘g‘risida"gi qonunchilikka asosan Raqobat qo‘mitasiga va Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga qonuniy ko‘rib chiqish uchun yuborildi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ushbu xizmatlarni litsenziyaga ega bo‘lmagan tadbirkorlar ko‘rsatishi hamda fuqarolarni Saudiya Arabistoniga umra vizasiz yuborish taqiqlanishini eslatmoqda.
Fuqarolardan Umra safariga borishdan oldin har qanday “turfirma"ning qo‘mita tomonidan taqdim etilgan “Umra litsenziyasi” mavjudligini surishtirish, ko‘ngilsiz holatlarga tushib qolmaslik uchun ishonchli va kafolatlangan xizmatlardan foydalanish tavsiya etilmoqda.
Bundan tashqari, Haj tadbiri Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi o‘rtasida har yili imzolanadigan shartnoma asosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshiriladi. Bunday faoliyat bilan boshqa tashkilotlarning shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Hozirda O‘zbekistonda “Umra” ziyoratini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish uchun 12ta turoperatorga litsenziya berilgan. Undan 6tasi Toshkent, 3tasi Namangan hamd qolgan 3tasi Andijon, Farg‘ona va Xorazmdagi kompaniyalardir.
Fevral oyida hududlarda noqonuniy “Haj” va “Umra” tadbirlari bilan shug‘ullangan firibgarlar ushlangandi. Namangan, Farg‘ona va Xorazmda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda fuqarolardan Saudiya Arabistoniga yuborishni va’da qilib, yirik miqdorda pul talab qilgan shaxslar qo‘lga olindi.
Avvalroq Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Umra litsenziyasini olish uchun arizalar qabul qilayotgani haqida xabar berilgandi. Nomzodlar hujjatlarni 7-aprelgacha jo‘natishlari mumkin.