Rossiyaning Ural Airlines aviakompaniyasiga yangi yo‘nalishlar bo‘yicha O‘zbekistonga parvozlarni yo‘lga qo‘yish uchun ruxsat berildi. Bu haqda O‘zaviatsiya agentligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ruxsatnoma aviakompaniyaga uchta yangi yo‘nalish bo‘yicha muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirish imkonini beradi. Bular Sochi-Samarqand-Sochi, Sochi-Namangan-Sochi va Krasnoyarsk-Samarqand-Krasnoyarsk yo‘nalishlaridir.
2022-yilning noyabrida Ural Airlines va IrAero aviakompaniyalari Surgut, Nijnevartovsk va Tyumendan O‘zbekistonning yettita shahriga parvozlarni amalga oshirishga ruxsat olgandi.
Ural Airlines Nijnevartovskdan Farg‘ona, Buxoro, Urganch, Navoiy, Namanganga qish mavsumi tugagunga qadar, Samarqandga esa yoz mavsumi oxirigacha haftasiga yettitagacha reysni amalga oshirishi qayd etilgandi.
2023-yilning dekabrida aviakompaniya yanvardan O‘zbekistonga parvozlarni qayta yo‘lga qo‘yishi ma’lum bo‘ldi. Noyabrda havo kemalarini ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq muammolar tufayli xorijiy reyslar to‘xtatilgandi. Ural Airlines beshta yo‘nalish bo‘yicha parvozlarni qayta tiklashi belgilangandi.
Avvalroq uchta xorijiy aviakompaniyaga O‘zbekistonga muntazam parvozlar uchun ruxsat berilgandi. “Air Asia X Berhad” Kuala-Lumpur bilan, “T'way Air” Seul bilan hamda “Red Sea Airlines” Sharm-esh-Sheyx bilan Toshkentni bog‘laydi.