Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Uzum Market’ning ustun mavqeini tan oldi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qo‘mitaning tegishli buyrug‘i bilan marketpleyslar bozorida Uzum Market ustun mavqega ega raqamli platforma operatori deb e’tirof etildi.
Qo‘mita hukumatning 2024-yilning may oyidagi tegishli qarori bilan marketpleys ustun mavqeini va ustun muzokara kuchini e’tirof etish tartibi, shuningdek, raqamli platforma operatorini ustun mavqega ega deb e’tirof etish mezonlari belgilanganini qayd etdi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi “Payme” raqamli platforma operatorining ustun mavqeini tan olgan edi.
O‘tgan yilning dekabrida Uzbekistan Airways va Silk Avia ustun mavqega ega deb topilgandi.
Ikkita kompaniya mahalliy aviatashuvlar, bundan tashqari, Uzbekistan Airways xalqaro yo‘nalishlarda yo‘lovchi, yuk va pochta tashuvlari bozorining 40%dan ortig‘ini egallaydi.
Shuningdek, oktabr oyida Raqobat qo‘mitasi “Yandex Eats” va “Express24” raqamli platforma operatorlarining ustun mavqeini tan olgandi.