2024-yilda Markaziy Osiyodagi venchur bitimlari hajmi $95 mlnni tashkil etdi yoki o‘tgan yilga nisbatan 7% ga ko‘p. Bu haqda RISE Research, KPMG, EA Group xoldingi, BGlobal Ventures, MA7 Ventures va dealroom.co fondlarining qo‘shma tadqiqotida ma’lum qilingan.
O‘zbekiston venchur bozorida 38 ta bitim tuzildi. Ularning umumiy hajmi $17,5 mlnga yetib, 2,7 barobar o‘sishni ko‘rsatdi. Shu bilan birga, ko‘rsatkichda Uzum’ning $52 mlnlik investitsiya raundi hisobga olinmagan, vaholangki guruh mamlakatdagi birinchi “yakkashox” bo‘ldi.
“Bu [venchur sohasining o‘sishi] davlat va xususiy fondlar faolligining oshishi hamda farishtalar investitsiyasi ulushining sezilarli darajada o‘sishi bilan bog‘liq. Mamlakatda farishtalar klublari tashkil etilmoqda va investorlarning nafaqat an’anaviy investitsiyalarni, balki startaplarga sarmoya kiritishni ham ko‘rib chiqishga tayyorligi ortib bormoqda”, — dedi KPMG‘dan Yerke Asemova.
Venchur kelishuvining o‘rtacha hajmi deyarli to‘rt baravar oshdi, ekspertlarning fikricha, bu kattaroq investitsiyalarga o‘tishni ko‘rsatadi. Raundlarning aksariyati, o‘tgan yillardagi kabi, loyihalarning dastlabki bosqichlariga to‘g‘ri keladi (pre-seed va seed), ammo eng yirik bitimlar o‘sish bosqichidagi startaplar bilan tuzilgan.
Bitimlar soni bo‘yicha eng katta faollik fintex, ta’lim texnologiyalari (EdTech) va sun’iy intellekt sohalarida qayd etilgan. Boshqa tomondan, fintex va tibbiy texnologiyalar (HealthTech) eng katta investitsiyalarni jalb qildi.
Shuningdek, ekspertlar O‘zbekistonda venchur fondlari sonining ko‘payib borayotgani startap ekotizimiga qiziqish ortayotganidan dalolat berishini ta’kidlamoqdalar. Joriy yil boshidan buyon yana beshta yangi jamg‘arma ishga tushirildi, bu esa, ularning qayd etishicha, startaplar uchun kapitalga mablag‘ jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Joriy yilning yanvar oyida yettita davlat banki $40 mlnlik United Ventures fondini tashkil etdi, unga Sug‘urta Bozor’ning sobiq hammuassisi Azizbek Qurbonov rahbar etib belgilandi. Bundan tashqari, O‘zsanoatqurilishbank o‘zining SQB Ventures venchur kompaniyasini ochdi, Aloqabank esa bundan oldin yangi Aloqa Ventures-2 yuridik shaxsini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Avvalroq 19-mart kuni prezidentning kichik va o‘rta biznes vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvida O‘zbekistonda besh yilda venchur fondlar ishtirokida $145 mlnlik 53 ta startap loyiha amalga oshirilgani, davlat banklari tomonidan venchur kompaniya ochilib, fond shakllantirilgani biznes boshlayotgan tadbirkorlarga katta imkoniyat ekani ta’kidlangandi.