O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish doirasida Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralarni qisman yakunladi. Bu haqda prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov o‘zining “LinkedIn"dagi sahifasida ma’lum qildi.

Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarovdan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi joriy hafta Bryusselda Yevropa Ittifoqi bilan JSTga qo‘shilish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi. Maxsus vakil muzokaralarni “samarali” deya baholadi.

“Xizmatlar bo‘yicha muzokaralar yakunlanganini e’lon qilishdan mamnunman. Tovarlar bo‘yicha hali ham ayrim ishlarni amalga oshirishimiz kerak, yaqin oylarda yakunlashni rejalashtirganmiz”, — deb yozdi u.

Urunov Savdo bo‘yicha bosh direktorat (DG Trade) rahbariyati bilan kechgan uchrashuvda kelasi yilda bo‘lib o‘tadigan 14-Vazirlar konferensiyasida O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishini “Yevropa Ittifoqi to‘liq qo‘llab-quvvatlashini eshitish quvonarli” deya qayd etdi.

2024-yilning noyabr oyida Azizbek Urunov O‘zbekiston Rossiya, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya hamda Shveysariya kabi davlatlar bilan muzokaralarni yakunlashi kerakligini qayd etgandi. Shuningdek, u bu kabi mamlakatlar “ko‘p qolmagani"ni bildirdi.

jahon savdo tashkiloti, jst, yevropa ittifoqi, azizbek urunov

JSTga a’zo bo‘lish harakatlari

2023-yilning iyunida O‘zbekistonda JST masalalari bo‘yicha maxsus vakil lavozimi joriy etildi. Uning asosiy vazifalaridan biri JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish, mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatining natijadorligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish hisoblanadi.

Sentabrda Shavkat Mirziyoyev JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan a’zolik masalalarini ko‘rib chiqdi. Tomonlar qonunchilikni JST bitim va qoidalariga muvofiqlashtirishga kelishishdi. O‘zbekiston 2026-yilgacha tashkilotga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqda. JST ishchi guruhi mamlakatni “qo‘shimcha majburiyatlarni olishga” chaqirgan.

Prezident avgust oyida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda tashkilotga a’zo bo‘lishni “islohotlarning ajralmas qismi” deya ta’kidladi. Davlat rahbarining qayd etishicha, proteksionizm O‘zbekistonning rivojlanish imkoniyatlarini cheklaydi.

Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lganda o‘tish davridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishini ma’lum qildi. Bojxona bojlari tashkilotga a’zo boshqa davlatlar bilan tuzilgan kelishuvlar asosida belgilanadi.

Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida quyi palatada qonunchilikni JST bitimlariga uyg‘unlashtirish masalalari bo‘yicha parlament komissiyasini tuzishni taklif qildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 26-noyabr kuni o‘tkazilgan majlisida bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov eksportyorlarga beriladigan ba’zi soliq imtiyozlarining bekor qilinishiga izoh berib, bu Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bilan bog‘liqligini qayd etdi.

Avvalroq O‘zbekiston va Rossiya JST bo‘yicha muzokaralar olib borgani haqida xabar berilgandi. Tomonlar O‘zbekistonning savdo tashkilotiga qo‘shilishi jarayonidagi “hal etilmagan masalalar"ni muhokama qildi.