2025-yil yanvar oyida O‘zbekistonda dunyodagi yirik Binance kripto-birjasi rasman faoliyatini boshladi.
Binance — 100 dan ortiq mamlakatda faoliyat yurituvchi dunyodagi yetakchi kriptovalyuta savdo platformasidir. U raqamli aktivlarni sotib olish, sotish, ayirboshlash va saqlash imkonini beradi, shuningdek steyking, p2p-operatsiyalari va boshqa moliyaviy vositalarni taklif etadi.
Platforma barcha tartibga solish shartlarini bajarganidan so‘ng O‘zbekistonda faoliyatini boshlashga muvaffaq bo‘ldi.
2022-yilda Binance va boshqa xalqaro birjalarning saytlari bloklangandi, 2024-yilda esa Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) platformani litsenziyasiz ishlаgани uchun 102 mln so‘m jarimaga tortdi.
Sud jarayoni ikki oydan ortiq davom etib, regulyator foydasiga yakunlandi. Binance barcha talablarni bajarib, mahalliy qonunchilikka rioya qilgan holda bozorga qaytishga erishdi. Kompaniya litsenziyalangan mahalliy Coinpay platformasi bilan hamkorlik o‘rnatdi.
Binance’ning Markaziy va Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo va Afrika bo‘yicha mintaqaviy rahbari Kirill Xomyakov Spot’ga bergan intervyusida kompaniyaning mahalliy tartibga solishga qanday moslashgani, foydalanuvchilar uchun nimalar o‘zgargani va O‘zbekiston kripto-bozorini qanday istiqbollar kutayotgani haqida so‘zlab berdi.
O‘zbekistondagi kripto-aktivlar bozorini qanday baholaysiz? Mintaqaning boshqa mamlakatlariga nisbatan u qanchalik istiqbolli?
O‘zbekiston mintaqadagi eng istiqbolli bozorlardan biridir. Chainalysis agentligining The 2024 Geography of Crypto Report hisobotiga ko‘ra, mamlakat kripto-aktivlarni qabul qilish darajasi bo‘yicha Markaziy Osiyo va Kavkazda birinchi, dunyoda esa 33-o‘rinni egallaydi.
Avvalo, bu foydalanuvchilarning yuqori ishtiroki bilan ajralib turadigan juda katta bozordir. O‘zbekiston aholi soni bo‘yicha mintaqadagi eng yirik davlat bo‘lib, bu yerda raqamli aktivlarga qiziqish barqaror o‘sib bormoqda.
Regulyator bozor ishtirokchilari uchun tushunarli shart-sharoitlarni yaratib, aniq ish qoidalarini shakllantirgani ham muhim o‘rin tutadi.
Ha, biznesning bu talablarga moslashuvi har bir holatda turlicha kechadi: kimdir tezroq, kimdir sekinroq moslashadi, lekin umuman olganda, tartibga solish bozor foydasiga ishlayotganini kuzatmoqdamiz. U ishonchni oshiradi, innovatsiyalarni rag‘batlantiradi va investitsiyalarni jalb qiladi.
Binance mahalliy qonunchilikka to‘liq rioya qilgan holda O‘zbekiston bozoriga to‘laqonli kirib kelgan birinchi global birja bo‘ldi. Shuning uchun buni birinchi bo‘lib amalga oshira olganimizdan xursandman va boshqalar ham bizdan o‘rnak olishiga ishonchim komil.
Binance xizmatlaridan kimlar ko‘proq foydalanadi?
Bular asosan xususiy shaxslar, chakana investorlardir. Kripto-aktivlarga institutsional qiziqish ham tobora ortib bormoqda. Masalan, so‘nggi bir yil ichida dunyo bo‘ylab Binance’ning VIP foydalanuvchilari soni ikki baravarga o‘sdi. Platforma o‘z biznesiga kriptovalyutalarni joriy qilmoqchi bo‘lgan kompaniyalar uchun o‘ziga xos ko‘prikka aylandi.
Umuman olganda, kriptovalyutaga qiziqish bormi? ILMA ma’lumotlariga ko‘ra, aholi qo‘lida $12 mlrdgacha mablag‘ “yostiq ostida” saqlanadi. Sizningcha, odamlar kriptovalyutaga sarmoya kiritadimi?
Aslida qiziqish juda katta. Iqtisodiyoti barqaror bo‘lmagan mamlakatlarda odamlar ko‘proq kriptovalyutaga sarmoya kiritayotganini kuzatmoqdamiz. Masalan, Turkiya, Braziliya, Filippin — bu mamlakatlarda juda ko‘p odamlar o‘z mablag‘larini saqlash va ko‘paytirish yo‘llarini izlamoqda.
MDHda ham xuddi shunday trend kuzatilmoqda, ayniqsa O‘zbekistonda kriptovalyutaga qiziqish eng yuqori darajada. Xizmatlar va imkoniyatlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, foydalanuvchilarda tanlov shunchalik keng bo‘ladi, demak, bu ular uchun ham, umuman iqtisodiyot uchun ham foydalidir.
O‘zbekiston bozoriga chiqishda qiyinchiliklar bo‘lganmi?
Bu yetarlicha uzoq davom etgan jarayon edi, lekin biz uni muvaffaqiyatli yakunladik. Binance sudning barcha talablarini bajardi, qonunchilikda belgilangan tartibda jarima to‘ladi va bizga nisbatan barcha yuridik da’volar olib tashlandi.
Shundan so‘ng biz milliy to‘lov tizimlari bilan integratsiyalashuv, qonunchilik talablariga muvofiqlik kabi mahalliy o‘ziga xosliklarga moslashishimiz kerak edi. Bunda bizga Coinpay bilan hamkorlik yordam berdi.
Nega aynan Coinpay? O‘zbekistonda 2019-yildan beri boshqa kripto-birja faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lsa-da, siz hamkorlik uchun nisbatan yangi ishtirokchini tanladingiz. Bu qaror qanday qabul qilindi?
Biz mahalliy bozorni yaxshi biladigan, milliy to‘lov tizimlari bilan integratsiyalasha oladigan va O‘zbekiston qonunchiligiga mutlaqo mos keladigan hamkorni izladik. Coinpay bu talablarning barchasiga to‘liq javob beradi.
Coinpay jamoasi bilan uzoq vaqtdan beri tanishmiz va hamkorlikni muhokama qilish bosqichidayoq O‘zbekistonda kriptosanoatni rivojlantirish bo‘yicha umumiy qarashlarimiz borligini angladik.
Bizda yaxshi, samarali muloqot o‘rnatildi va tezda aloqa nuqtalarini topdik. Coinpay foydalanuvchilar va Binance o‘rtasida ishonchli ko‘prik bo‘lish uchun barcha zarur resurslarga ega.
Hamkorlikning asosiy sharti Binance foydalanuvchilariga bank kartalari va milliy to‘lov tizimlari orqali milliy valyutadagi mablag‘larni to‘ldirish va yechib olish uchun qulay xizmat ko‘rsatish edi. Hozircha hech qanday qiyinchilik yuzaga kelgani yo‘q.
Coinpay Binance faoliyatida qanday rol o‘ynaydi?
Coinpay Binance’ning O‘zbekistondagi rasmiy hamkori hisoblanadi. Kompaniya kripto-birja va kripto-do‘kon faoliyati uchun litsenziyaga ega bo‘lib, bu bizga foydalanuvchilarga milliy valyuta bilan operatsiyalarni qonuniy va xavfsiz tarzda amalga oshirish imkonini beradi.
Bu hamkorlik qanday ishlaydi? Bu alohida ilova yoki sayt bo‘ladimi?
Yo‘q, alohida ilova bo‘lmaydi. Foydalanuvchilar avvalgidek Binance veb-sayti yoki mobil ilovasi orqali ishlashda davom etishlari mumkin. Biroq, milliy valyuta bilan operatsiyalarni qonuniy ta’minlash uchun mahalliy hamkorimiz — Coinpay bilan integratsiyalashdik.
Foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida coinpay.uz/binance maxsus tizimi yaratildi. Bu Coinpay serverlaridagi alohida sahifa hisoblanadi. U foydalanuvchilarni mavjud xizmatlar haqida xabardor qilish va xizmatni targ‘ib qilish uchun ishlatiladi, shuningdek, milliy valyuta bilan ishlash uchun zarur vositalarni oson topish imkonini beradi.
U orqali ro‘yxatdan o‘tish, ilovani yuklab olish va so‘mdagi mablag‘larni kiritish hamda yechib olish xizmatiga o‘tish mumkin. Coinpay ushbu operatsiyalarning mahalliy qonunchilik talablariga to‘liq muvofiqligini ta’minlaydi.
Ko‘pchilikda qonuniylashtirish faqat Coinpay orqali operatsiyalarga ta’sir qilgan, Binance ilovasining o‘zi esa bloklangandek taassurot uyg‘otmoqda. Foydalanuvchilar hali ham Binance bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlay oladimi?
Ko‘pchilik foydalanuvchilar ishlash mexanizmini to‘liq tushunishmayapti, deb o‘ylayman. Aynan shuning uchun tushuntirish muhim hisoblanadi.
Aslida, Coinpay bilan qo‘shma sahifamiz mavjud Binance infratuzilmasidagi qo‘shimcha shlyuz hisoblanadi. Foydalanuvchilar odatiy Binance interfeyslari — ilova yoki veb-sayti orqali ishlashni davom ettirishlari mumkin, ammo hisobni to‘ldirish va milliy valyutadagi mablag‘larni yechib olish uchun Coinpay’dan foydalanishlari kerak.
Ya’ni, mohiyatan, bu infratuzilmamizdagi yana bir qo‘shimcha yo‘nalish, xolos.
O‘zbekistonda kripto-bozori rivojlanishiga nima ko‘proq to‘sqinlik qilmoqda, deb o‘ylaysiz?
Asosiy muammo — kriptovalyuta savodxonligi darajasining pastligi. Bu nafaqat O‘zbekistonga, balki butun dunyoga taalluqli global muammodir. 2018-yildan buyon faoliyat yuritayotgan Binance Academy ta’lim platformasi ishlaydi, u orqali 44 mln kishi o‘z bilimini oshirishga ulgurdi.
Ikkinchi o‘rinda — foydalanuvchilarning kripto-ekotizimga bo‘lgan ishonchi turadi. Ko‘pchilik hali ham Binance va Coinpay orqali operatsiyalar noqonuniy bo‘lishi mumkinligidan xavotirda, ammo bu noto‘g‘ri. Binance — O‘zbekistonda qonuniy faoliyat yuritayotgan yagona global platforma hisoblanadi.
Uchinchi muammo — firibgarlikka qarshi kurash. Biz shubhali tranzaksiyalarni faol ravishda kuzatib boramiz, butun dunyo bo‘ylab huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlik qilamiz va o‘g‘irlangan mablag‘larni foydalanuvchilarga qaytaramiz. Birgina 2024-yilning o‘zida $4,2 mlrdlik yo‘qotishlarning oldini olishga va $88 mlnni qaytarishga erishdik.
O‘sish uchun imkoniyat bormi?
Biz kripto-aktivlarga bo‘lgan yuqori qiziqishni ko‘rmoqdamiz, ammo moliyaviy savodxonlik darajasi hali ham past. Shu sababli, biz uchun ta’lim asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
Biz o‘quv dasturini (Binance Academy) ishga tushirdik. Unda har qanday foydalanuvchi, shu jumladan O‘zbekiston aholisi ham kurslarda qatnashishi, test topshirishi va o‘qishni muvaffaqiyatli yakunlagani uchun bonus sifatida kichik miqdordagi kriptovalyuta olishi mumkin. Bu ularga nafaqat bilim olishga, balki ularni darhol amalda qo‘llashga ham yordam beradi.
Endi biz oflayn formatda faolroq ishlashni rejalashtirmoqdamiz. Yoshlar o‘rtasida kripto-savodxonlik darajasini oshirish uchun konferensiyalarda qatnashamiz, o‘quv tadbirlarini o‘tkazamiz, shuningdek, vazirliklar va universitetlar bilan hamkorlik qilamiz. Biz bunday loyihalarni Qozog‘iston va boshqa MDH mamlakatlarida amalga oshirganmiz va endi bu tajribani O‘zbekistonda ham qo‘llamoqchimiz.
Kelgusi yillarda kripto-aktivlar bozorida qanday o‘zgarishlarni kutmoqdasiz? Binance bu o‘zgarishlarga qanday tayyorlanmoqda?
Yaqin yillarda kripto sanoatini jadal rivojlanish kutmoqda. Ko‘ryapmizki, so‘nggi bir yil ichida sohaga berilgan turtki va ijobiy global tendensiyalar bizni yanada kuchli 2025-yilga tayyorlamoqda.
Institutsional investorlarning kripto-aktivlarga qiziqishi ortib bormoqda, ular an’anaviy moliya tizimlariga tobora faolroq kirib bormoqda. Raqamli aktivlarni umumiy qabul qilishning o‘sishi jahon iqtisodiyoti transformatsiyasining boshlanishi, xolos.
Kripto-aktivlar asta-sekin odamlar hayotining ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Masalan, memkoinlar allaqachon kripto hamjamiyatidan tashqariga chiqib, ommaviy madaniyatning bir qismiga aylandi va sohaga yangi auditoriyani jalb qildi.
O‘zbekistonga kelsak, mamlakat kripto-bozorni tartibga solish va rivojlantirish yo‘nalishida allaqachon muhim qadamlar qo‘ygan. Ko‘rib turganimizdek, tartibga solish doimo sanoat shakllanishining birinchi bosqichi hisoblanadi.
Albatta, bozor yangi talablarga moslashishi uchun avval vaqt talab etiladi. Ammo shundan so‘ng faol o‘sish jarayoni boshlanadi, yangi ishtirokchilar paydo bo‘ladi, moliyaviy savodxonlik o‘sadi, infratuzilma rivojlanadi.
Bunday sharoitda davlat muhim ahamiyat kasb etadi. Ko‘plab mamlakatlarda hukumatlar blokcheyndan nafaqat kriptovalyutalarni tartibga solish uchun, balki davlat xizmatlari — masalan, raqamli reyestrlar yoki to‘lov tizimlari uchun ham foydalanishni boshlaganini ko‘rmoqdamiz. Kelajakda bu O‘zbekistonda ham oddiy holga aylanadi.
Shuningdek, davlatlar tomonidan raqamli aktivlarda valyuta zaxiralarini shakllantirish bo‘yicha global trendni kuzatmoqdamiz. Hukumatlar asta-sekin kriptovalyutalarga nisbatan o‘z pozitsiyalarini yumshatib bormoqda, qonunchilik esa yanada moslashuvchan bo‘lib, ularni moliya tizimiga integratsiya qilishga ko‘proq e’tibor qaratmoqda.
Ishonchimiz komilki, O‘zbekistonda kripto-sanoatning rivojlanishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar mavjud. Binance, o‘z navbatida, infratuzilma, ekspert bilimlari va ta’lim imkoniyatlarini taqdim etish orqali bozor taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Biz bu mintaqada ulkan salohiyatni ko‘rmoqdamiz va uning rivojlanishida faol ishtirok etishni rejalashtirganmiz.