O‘zbekiston Markaziy bank asosiy stavkani 0,5 foiz bandga oshirib, yillik 14%gacha ko‘tardi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Markaziy bank boshqaruvi inflyatsion bosimlarning yuqori saqlanib qolishi, talabning barqaror o‘sib borishi va inflyatsion kutilmalarning kuchayishi fonida pul-kredit sharoitlari qat’iylik darajasini oshirishga qaror qildi.
Ushbu qaror kelgusi oylarda kutilayotgan inflyatsion xatarlarni inobatga olib, inflyatsion kutilmalarni jilovlash, o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiya darajasini 5%lik maqsadli darajaga erishish uchun yetarli sharoitlar yaratishga qaratilgan.
Qayd etilishicha, 2025-yil boshidan umumiy inflyatsiya darajasida biroz o‘sish kuzatilib, fevral oyi yakunlari bo‘yicha yillik 10,1%ni tashkil etdi.
Ushbu dinamika ayrim tovar va xizmatlar narxlarining o‘sishi hisobiga yuzaga keldi. Xususan, yoqilg‘i narxlari, kommunal, transport, ta’lim va tibbiy xizmatlar tariflari oshishi inflyatsion kutilmalarga ham oshiruvchi ta’sir ko‘rsatdi va fevral oyida aholining inflyatsion kutilmalari 15,3%ga, tadbirkorlik subyektlarining kutilmalari esa 13,8%ga teng bo‘ldi.
“Iqtisodiyotdagi inflyatsion jarayonlarni maqbullashtirish hamda yalpi talab va taklif orasidagi muvozanatni ta’minlash pul-kredit sharoitlari qat’iylik darajasini oshirishni taqozo etmoqda”, — deyiladi regulyator xabarida.
Ta’kidlanishicha, pul-kredit sharoitlarining qat’iylashtirilishi kelgusi choraklarda inflyatsion jarayonlarning ma’lum darajada sekinlashishiga xizmat qilib, yil yakuni bo‘yicha umumiy inflyatsiyani 7−8%gacha pasayishiga zamin yaratadi.