Apple smartfonlarda USB Type-C ishlatish talabiga qaramasdan, iPhone’ni jismoniy ulagichlarsiz ishlab chiqarishga Yevropa Ittifoqidan rasmiy ruxsat oldi.
Apple iPhone 17 Air’ni quvvatlash portisiz chiqarishni rejalashtirgan, biroq bu Yevropa tartibga soluvchi organlari bilan kelishmovchilik keltirib chiqarishidan xavotirda edi. Endi ma’lum bo‘lishicha, YI bunday qarorga to‘sqinlik qilmaydi.
Kompaniya Yevropa Ittifoqida Lightning taqiqlanganidan so‘ng Mac, iPad va iPhone’ni allaqachon USB-C'ga o‘tkazgan, endi esa ulagichlardan butunlay voz kechishi mumkin.
Bunga ruxsat berilishining sababi — YI qonuni simli quvvatlash mavjud bo‘lgan qurilmalarni USB-C orqali quvvatlantirishni talab qilsa-da, ularni jismoniy port bilan jihozlashni talab qilmaydi. Bu esa butunlay simsiz iPhone’larga yo‘l ochadi.
Apple iPhone 17 Air’ni tarixdagi eng yupqa smartfon deb hisoblaydi va jismoniy portlardan voz kechish ixchamlikning yangi darajasiga erishishga yordam berishi mumkin.
Qayd etilishicha, simsiz quvvatlash va ma’lumot uzatishga to‘liq o‘tish yaqin yillar ichida amalga oshirilishi kutilmoqda.
Avvalroq Bloomberg Apple kelgusi iPhone 17 Air modeli qalinligini kamaytirish maqsadida USB-C ulagichidan voz kechishi mumkinligi haqida xabar bergandi.
Qayd etilishicha, agar “Apple” bunday qarorni qabul qilganda, qurilmani zaryadlash faqat MagSafe yoki Qi orqali, ma’lumotlar almashinuvi esa bulut xizmati yoki AirDrop vositasida amalga oshiriladi.
2024-yil yanvarida USB-C porti Yevropa Ittifoqida yagona standart etib belgilandi.
Unga ko‘ra, 2024-yildan boshlab Yevropa Ittifoqida sotiladigan barcha zaryadlovchi qurilmalar USB-C porti bilan jihozlanishi kerak.
Joriy yil yanvar oyida Yevropa Ittifoqida USB-C zaryadlash portisiz gadjetlarni sotish taqiqlangan edi. Biroq taqiq portativ kompyuterlar, shuningdek, USB-C sig‘maydigan kichik qurilmalar uchun amal qilmaydi.
Avvalroq Spot Apple simsiz quloqchinlar uchun real vaqt rejimida tarjimon funksiyasini ishlab chiqayotgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, funksiyaning joriy yil oxirida chiqishi rejalashtirilgan iOS 19 yangilanishi bilan paydo bo‘lishi kutilmoqda.