Avvalroq Shavkat Mirziyoyevning kichik va o‘rta biznes vakillari bilan sohani rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuvi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Unda davlat rahbari Kichik biznes uyushmasini tashkil qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Uyushma tadbirkorlarga raqobatbardosh bo‘lish, yangi bozorlarga kirish, standart, yangiliklarga o‘qitish, brend yaratish hamda startaplarni yuzaga chiqarib, ko‘paytirishga yordam beradi.
Aaron Academy Kids ixtisoslashtirilgan maktabi ta’sischisi hamda Chilla Uyi tiklanish va reabilitatsiya markazi rahbari Kamolat Mirzaliyeva mazkur uyushma rahbari etib tayinlandi.
Kamolat Kukanbayevna Mirzaliyeva 1979-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan. Korporativ boshqaruv bo‘yicha tajribaga ega. 2018-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.
Mirzaliyeva o‘zining Instagram’dagi sahifasida davlat rahbari bilan uchrashuv “tarixiy” kechganini, davlat rahbari kichik biznesning “og‘riqli nuqtalarga birma-bir to‘xtalgani"ni qayd etdi. Shuningdek, u uyushma vazifalari nimalardan iboratligi haqida ham so‘zlab berdi.
“Bu platfromada, biz, kichik biznes egalari uchrashuvlar tashkil etamiz, muammolarimizni olib chiqamiz va uyushma nomidan uyushgan holda o‘z muammolarimizni bildiramiz”, — dedi Kamolat Mirzaliyeva.
Uchrashuvda kichik va o‘rta biznes uchun yangi talablarga uch yillik moratoriy joriy etilishi ma’lum qilindi. Endi oxirgi uch yillik aylanmasi 10 mlrd so‘mdan oshmagan va soliqdan qarzi bo‘lmagan korxonani ixtiyoriy tugatishda tekshiruv o‘tkazilmaydi.
2025-yilda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan dasturga 10 mlrd ajratiladi. Bu yo‘nalishdagi tadbirkorlar uchun 120 trln so‘m resurs beriladi. Yoshlar va ayol tadbirkorlar loyihalariga 5 trln so‘m yo‘naltiriladi.
Avvalroq kichik biznesga ayrim sug‘urtalash va sertifikatlash xarajatlarining bir qismi qoplanishi haqida xabar berilgandi.