Fevral oyida ko‘chmas mulk bozorida savdolar yanvar oyiga nisbatan 12%ga pasayib, o‘tgan yilga nisbatan o‘zgarishsiz qoldi.

Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joy narxi 0,3%ga pasayishiga qaramasdan, birlamchi uy-joy narxi 2,5%ga oshdi.

Yil boshidan ko‘chmas mulk bozori o‘z mavqeini mustahkamlashiga qaramasdan fevralda sotuvlar 12%ga pasayib, oldi-sotdi shartnomalari soni 22,4 mingtani tashkil etdi

Shu bilan birga sotuvlarning umumiy pasayishi fonida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni o‘rtacha 1%ga o‘sib, 221 ta bitimga oshdi.

Hududlar kesimida pasayish Surxondaryo, Namangan va Jizzax viloyatlarida qayd etilib, sotuvlar 20%dan ko‘proq kamaygan.

Poytaxt ko‘chmas mulk bozorida ham pasayish kuzatilib, 9,5% ni tashkil etdi.

ko'chmas mulk, tahlil, uy-joy ijarasi

Toshkentdagi ko‘chmas mulk bozori

Fevral oyida Toshkent shahri ko‘chmas mulk bozorida tebranishlar kuzatildi. Poytaxtda ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi 0,3%ga pasayib, birlamchi bozorda narxlar 2,5%ga oshdi.

O‘tgan yilning fevral oyiga nisbatan ikkilamchi bozorda bir kvadrat metr uy-joyning o‘rtacha narxi 5,1%ga, birlamchi uy-joy narxi esa 3,1%ga pasaydi.

Toshkent shahri bo‘yicha ikkilamchi uy-joy narxida eng katta pasayish Mirzo Ulug‘bek (8,5%), Chilonzor (6,9%) va Yashnobod (6,6%) tumanlarida kuzatildi.

Yangi uylar narxlarida ham pasayish kuzatildi. Yil davomida bir kvadrat metr uchun o‘rtacha narxlarda eng sezilarli pasayish Uchtepa (10,1%), Shayxontohur (10,1%) va Mirobod (9,1%) tumanlarida qayd etildi.

Toshkentda uy-joy ijarasi

Fevralda Toshkent shahri ijara narxlarida pasayish kuzatildi. O‘rtacha ijara narxi bir kvadrat metr uchun $8,1ni tashkil etdi.

Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha $10ni tashkil etadi.

Shu bilan birga, Toshkent shahrida ijara narxi o‘tgan yilga nisbatan 9,8%ga pasaygan. Eng katta pasayish Yunusobod (13,7%), Chilonzor (12,5%) va Olmazor (12,2%) tumanlarida qayd etilgan.

Ikkilamchi uy-joy bozori

Oy davomida respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy narxlari 0,6%ga pasayib, o‘tgan yilga nisbatan o‘rtacha 1%ga oshdi.

Yillik hisobda hududlar kesimida ikkilamchi uy-joy narxlarining eng yuqori o‘sishi Buxoro, Jizzax va Xorazm viloyatlarida kuzatilib, o‘rtacha 8%ni tashkil etdi.