Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Toshkentda amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Davlat rahbari dastlab Yunusobod tumanida barpo etilgan “High Town City” majmuasiga tashrif buyurdi. $510 mln xorijiy investitsiya asosida qurilgan majmua savdo va ko‘ngilochar markazi, biznes markazi, mehmonxona va turar joylarni o‘z ichiga oladi.

Xususan, 4 qavatli binoda savdo do‘konlari, jumladan, brendlar shoxobchalari, restoran va kafelar, ko‘ngilochar o‘yingohlar, sport maydonlari, kinoteatrlar ochilgan. Majmua yer ostida avtoturargohiga ega. Bir kunda bu yer 5 ming kishiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega. Unda 1 500 kishi ish bilan ta’minlangan.

Prezident majmuaning iqtisodiy ahamiyati va aholi uchun qulayligini qayd etib, investor va tadbirkorlarga ko‘mak berish bundan keyin ham davlat siyosatining strategik yo‘nalishi bo‘lib qolishini ta’kidladi. Milliy mahsulotlarni brendga aylantirish, ularni tashqi bozorlarda tanishtirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.

Savdo markazida shinam kitob do‘koni ham ochilgan. Shavkat Mirziyoyev bu tashabbusni olqishlab, metro bekatlari, kutish joylarida ham mo‘jaz kitob do‘konlari tashkil etish maqsadga muvofiqligini aytdi.

Bu yerda 24 qavatli, besh yulduzli mehmonxona qurish rejalashtirilgan. 250 ta xonadan iborat mehmonxona bir vaqtning o‘zida 430 kishiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Katta va kichik konferensiya zallari, suzish havzalari, restoran va do‘konlarda zamonaviy qulayliklar yo‘lga qo‘yiladi.

Davlat rahbariga shu yerda quriladigan uy-joylar loyihasi taqdimot qilindi. Unga ko‘ra, 1 500 ta xonadondan iborat 28 ta ko‘p qavatli uy bunyod etiladi.

Majmua hovlisi avtomobillar uchun yopiq va yashil hudud bo‘ladi. Bolalar bog‘chasi, o‘yin maydonchasi, tennis korti, yerosti avtoturargohi tashkil etiladi.

Bundan tashqari, majmua hududi to‘liq Wi-Fi bilan qamrab olinadi hamda binolarda shovqinsiz liftlar o‘rnatiladi.

Avvalroq Toshkentdagi mingdan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari uzluksiz rejimga o‘tkazilishi ma’lum qilingandi. Poytaxtdagi 26 ta ko‘chada jami 40 km uzunlikdagi 24/7 ko‘chalar tashkil etish rejalashtirilgan. Ularda mingdan ortiq yangi tadbirkorlik nuqtalari ochilib, 5 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.