Shavkat Mirziyoyev 20-mart kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unning doirasida Toshkent shahrida jamoat transportini rivojlantirish loyihalari ham ko‘rib chiqildi. Xususan, poytaxt metropolitenini Toshkent traktor zavodi dahasigacha olib borish rejalashtirilgandi. Prezident avval taqdim qilingan loyihalarni qayta ko‘rib chiqish, boshqa muqobil takliflar kiritish bo‘yicha topshiriq bergandi.

Tayyorlangan yangi loyiha bilan metropolitenning Chilonzor yo‘nalishini Toshkent traktor zavodi dahasigacha uzaytirish rejalashtirilmoqda.

Yangi metro bekatlarining soni 10 tani tashkil etib, bu tarmoq 30 ta mahalla, 148 ming aholini qamrab oladi.

Bundan tashqari, Bektemir tumanida Chirchiq daryosi yaqinida ko‘p qavatli uylar, savdo va xizmat binolari qurish ko‘zda tutilgan. Bu orqali tumanda urbanizatsiyani tezlashtirishi hamda yangi markaz paydo bo‘lishi kutilmoqda.

2021-yilning noyabrida davlat rahbariga Toshkent metropolitenining Buyuk ipak yo‘li bekatidan TTZ dahasigacha yerosti yo‘li hamda yerusti halqa metrosining ikkinchi bosqichini amalga oshirish rejalalari taqdim etilgandi.

Unda yerosti yo‘lini Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi yoki Buyuk ipak yo‘li ko‘chasi orqali olib o‘tish, birinchi holatda yo‘l uzunligi 8,6 kmni, ikkinchi variantda 8 kkmni tashkil etishi belgilangandi.

Avvalroq “Spot” Toshkent metrosining 12ta bekatida yo‘l haqini kaft orqali to‘lash imkoniyati yaratilgani haqida xabar berilgandi.