O‘zbekistonda Xitoyning Temu marketpleysiga kirish bloklandi. Bloklanish haqidagi ma’lumotni Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) matbuot xizmati Spot’ga tasdiqladi.
Temu sayti ochilmayapti, sahifaga kirishda “Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-sentabrdagi qarori (VMQ-707) asosida axborot resursiga cheklov o‘rnatilgan” degan xabar paydo bo‘ladi.
Marketpleysning mobil ilovasini hali ham App Store va Google Play ilovalar do‘konlarida yuklab olish mumkin: Temu App Store do‘konidagi eng ommabop ilovalar reytingida 26-o‘rinni, shuningdek, Google Play’da 33-o‘rinni egalladi.
Temu ilovasi ishlayotganiga qaramay, mahsulotni savatga qo‘shganda, ilovaning ishlashi keskin sekinlashadi. Ekranda esa internetga sekin ulanish haqidagi bildirishnomani ko‘rish mumkin, unda foydalanuvchiga ulanishni tekshirish va qayta urinib ko‘rish taklif etiladi.
Avvalroq Xitoyning Temu marketpleysi yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tib, O‘zbekistonda soliq hisobiga qo‘yildi. Biroq, 20-martdan boshlab rejalashtirilgan blokirovka yuridik shaxs ro‘yxatdan o‘tgunga qadar bo‘lgan davrda platforma tomonidan soliqlar to‘lanmaganligi sababli o‘z kuchida qoldi.
ILMA boshqarmasi boshlig‘i Kamronbek Muhammadiyevning ma’lum qilishicha, marketpleys o‘tgan davr uchun QQS to‘lashi va fiskal cheklarni berish uchun soliq organlari bilan integratsiya qilinishi kerak.
Soliq qo‘mitasi va ILMA hozirda Temu bilan muzokaralar olib bormoqda, ularning natijalariga ko‘ra platforma faoliyati bo‘yicha yakuniy xulosa e’lon qilinadi.
O‘zbekistonda Temu faoliyati
2024-yil oxirida O‘zbekistonda elektron tijorat uchun yangi qoidalar tasdiqlandi. 28-dekabrdan boshlab o‘zbekistonlik foydalanuvchilar bilan ishlaydigan xalqaro platformalar yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazishi shart. Yangi qoidalar nima uchun joriy etilgani va ular bozorga qanday ta’sir ko‘rsatishini Spot avvalroq ko‘rib chiqqandi.
Ayrim platformalar yuqoridagi talablarga moslasha boshladi, biroq Temu bunday qilmadi. Xitoy marketpleysi O‘zbekistonda faol targ‘ibotni olib bordi, biroq yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazmadi.
Elektron tijorat sohasini tartibga soluvchi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) Temu faoliyatiga bir necha bor izoh berib, ehtimoliy bloklanishi borasida ogohlantirgandi.
Joriy yilning 20-martidan platformaga kirish cheklanadi. Foydalanuvchilarga yangi buyurtmalarni rasmiylashtirmaslik, agar buyurtma qilingan bo‘lsa, to‘lovni qaytarish tavsiya etildi.
ILMA elektron tijorat boshqarmasi boshlig‘i Kamronbek Muhammadiyev Spot’ga bergan intervyusida Temu faoliyatini cheklashda nima uchun aynan shu muddat tanlangani, blokirovka qanday bo‘lishi va kompaniya cheklovlardan qochish uchun nima qilishi mumkinligiga izoh berdi.
Avvalroq Yandex Market O‘zbekistonda apreldan rasman ishga tushirilishi rejalashtirilgani haqida xabar berilgandi. Marketpleys ikki oylik bepul muddatli to‘lovni taklif qiladi. Mahsulotlarni Toshkent bo‘ylab bir kun ichida yetkazib berish va’da qilinmoqda.