Toshkent xalqaro aeroportida yangi yuk terminali ochildi, deya xabar berdi Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Yiliga 120 ming tonna yuk tashish quvvatiga ega yangi yuk kompleksi 5,2 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, uch qavatli ma’muriy bino, turli tovarlarni saqlashga mo‘ljallangan omborxona, shuningdek, yengil va yuk mashinalari uchun to‘xtash joyini o‘z ichiga oladi.

Omborxona 8500 kvadrat metr maydonni egallaydi va uning ichida ma’lum bir harorat rejimini saqlashni talab qiladigan tovarlar uchun 500 kvadrat metr maydondagi sovitish va muzlatish kameralari.

Xususan, omborxonada o‘simlik va tirik hayvonlar, qimmatbaho yuklar, oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlarni saqlash uchun maxsus xonalar qurilgan.

Barcha maxsus xonalar harorat o‘lchagichlari bilan jihozlangan va bu kerakli harorat rejimini o‘rnatish imkonini beradi.

Uzbekistan Airports Cargo’ning ta’kidlashicha, yuk terminali binolari va inshootlari 1994−2000 yillarda qurilgan bo‘lib, umumiy maydoni 3 gektarga yaqin bo‘lgan 20 ga yaqin eskirgan kichik va o‘rta omborxona va ma’muriy binolardan iborat.

Yuk terminalning o‘tkazish quvvati yiliga 30 ming tonnani tashkil etadi, 2024-yilda esa Toshkent aeroportida qariyb 80 ming tonna yuk va pochta jo‘natmalarini qabul qilgan.

“Yuk tashish ma’muriyati va ijarachilar joylashgan bino va xonalar ham eskirgan. Bularning barchasi yuk tashish majmuasini kengaytirish va modernizatsiya qilishning o‘tkir zarurligini ko‘rsatdi. Bugundan boshlab eskisidan yangi terminalga bosqichma-bosqich o‘tish boshlandi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, omborxona faoliyati uchun jahonning yetakchi ishlab chiqaruvchilaridan zamonaviy uskunalar, xususan, yuk saqlash stelajlari, yuk ko‘tarish va tashish, qadoqlash uskunalari hamda hisob-kitob, avtomatlashtirish va xavfsizlikni ta’minlash uskunalari xarid qilindi.

Bu yuklarni qayta ishlash vaqtini qisqartiradi va aviatashuvchilarga umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiq sifatli xizmat ko‘rsatishni taʼminlaydi.

Bundan tashqari, UzCargo xodimlari, tegishli xizmatlar (bojxona, veterinariya, o‘simliklar karantini va boshqalar), import/eksport kompaniyalari vakillari, aviakompaniyalar va deklarantlar, shuningdek, yuk qabul qiluvchilar uchun 3000 kvadrat metr maydonga ega uch qavatli yangi maʼmuriy bino qurildi.

Birinchi qavatda yuk qabul qiluvchilar elektron navbat orqali xizmatlardan foydalanishadi. Ish ofislari binoning ikkinchi va uchinchi qavatlarida joylashgan. Shuningdek, barcha manfaatdor shaxslarga yengil va yuk mashinalari uchun mo‘ljallangan katta to‘xtash joyi mavjud bo‘ladi.

UzCargo (Uzbekistan Airports Cargo) — 2022-yil 1-noyabrda Uzbekistan Airports tarkibida tashkil etilgan sho‘ba korxona. Korxona Toshkent aeroporti Pochta-yuk kompleksi negizida tashkil etilgan bo‘lib, aeroportda yuklarni qayta ishlash va saqlash, yuklarni ortish va tushirish hamda transport hujjatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi.


Avvalroq Andijon aeroporti qariyb ikki yilda birinchi marta parvozlarni qabul qilishni boshlashi haqida xabar berilgandi.

20-martdan Silk Avia aviakompaniyasi Toshkent va Andijon o‘rtasida muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘ymoqda. Aviareyslar haftasiga ikki marta — seshanba va payshanba kunlari amalga oshiriladi.