Ichki ishlar vazirligi tomonidan yo‘l harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholash tizimini joriy etishga qaratilgan hukumat qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Loyiha bilan jarima ballari transport vositalarini boshqargan haydovchilarga nisbatan faqat Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomalar asosida hisoblanadi. Jarima ballari E-jarimaball moduli orqali avtomatlashtirilgan tartibda hisoblab boriladi.

Agar haydovchi 12 oy ichida yo‘l harakati qoidalarini buzmasa, keyingi davrda birinchi marta sodir etilgan huquqbuzarlik uchun birinchi jarima bali hisoblanmaydi.

Oxirgi huquqbuzarlik uchun jarima bali hisoblangandan keyin 6 oy davomida qoidabuzarlik sodir etilmasa, umumiy jarima ballaridan 2 jarima bali ayirib tashlanadi.

Agar haydovchilar jarima ballarining umumiy miqdori 2 jarima balidan kam bo‘lsa, barcha jarima ballari ayirib tashlanadi hamda ularni hisoblash muddati birinchi huquqbuzarlik sodir etilgan vaqtdan yangidan boshlanadi.

Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimida haydovchilarning shaxsiga aniqlik kiritish imkoniyati yaratilgandan keyin, ular orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun jarima ballarini hisoblash joriy etiladi.

1-maygacha E-jarimaball modulini ishlab chiqish belgilanmoqda. Haydovchilar o‘zlarining jarima ballari haqidagi ma’lumotlarni undan va maxsus mobil ilova hamda Yagona portal orqali olishlari mumkin bo‘ladi. Ular to‘plagan har bir ballari haqida SMS-xabar yuborish orqali ogohlantirib boriladi.

Jarima ballari asosida transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslarning elektron ma’lumotlar bazasi joriy etiladi. Qaror 1-maydan e’tiboran kuchga kiradi.

Jarima ballari qanday bo‘ladi?

Haydovchilar tomonidan sodir etilgan yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun jarima ballarining miqdorlari quyidagicha hisoblanadi:

  • nosoz yoxud tegishli ruxsatnomasiz qayta jihozlangan transport vositalarini boshqarish — 0,5;
  • foydalanish taqiqlangan, davlat raqami bo‘lmagan avtomobillarni boshqarish — 1;
  • belgilanmagan tartibda oynalar tusini o‘zgartirish, ko‘rishni cheklaydigan qo‘shimcha narsalar o‘rnatish (oynalarni qoraytirish uchun tegishli ruxsatnoma berilgan transport vositalari mustasno) — 0,5;
  • xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazodan keyin bir yilda takror sodir etilsa — 1;
  • sababsiz signal chalish, belgilanmagan tovush chiqaruvchi va yorituvchi qurilmalarni o‘rnatish — 0,5;
  • tezlikni soatiga 20 km.gacha oshirish — 0,5;
  • tezlikni soatiga 20 km.dan 40 km.gacha oshirish — 1;
  • tezlikni soatiga 40 km.dan 60 km.gacha oshirish — 1,5;
  • tezlikni soatiga 60 km.dan ortiqqa oshirish — 2;
  • svetoforning taqiqlovchi signali yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmaslik — 1;
  • Tezkor va maxsus xizmatlarning to‘siqsiz o‘tib ketishiga xalaqit berish — 0,5
  • yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqish, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash uchun o‘zga choralarni ko‘rishga majbur qiluvchi huquqbuzarlikni sodir etish — 2;
  • to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzish — 0,3;
  • odam tashish qoidalarini buzish — 0,5;
  • ichki ishlar organlarining hamrohligisiz odam tashish — 0,5;
  • quvib o‘tish qoidalarini buzish — 1,5;
  • avariya holatini keltirib chiqaruvchi guruh bo‘lib harakat qilish — 2;
  • temir yo‘lning o‘tish joylaridan o‘tish qoidalarini buzish — 1;
  • YTH qatnashchilarining hodisa joyidan ketib qolishi — 2.

Loyiha bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Fikr-mulohazalar 4-aprelgacha qabul qilinadi.

Joriy yilning fevral oyida prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yo‘l harakati xavfsizligi tizimini yashilash, qoidabuzarliklar uchun jarima ballarini joriy etishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.

Jarima ballari bir yilda 12 balldan oshgan haydovchilar avtomobil boshqarish huquqidan 6 oygacha mahrum qilinadi. Qanday qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblanishi haqida batafsil havola orqali tanishish mumkin.

YHXX boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov kelgusida kamera va radarlar orqali yoziladigan jarimalarni ham 12 ballik tizimga qo‘shib hisoblash rejalashtirilganini ma’lum qilgandi.

Avvalroq yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun bir qator jarimalar oshirilayotgani haqida xabar berilgandi. Qonunchilikda yo‘l bezoriligi tushunchasi belgilanmoqda, unga drift qilish va “shashka” harakatlanish kiradi.