Pensiya jamg‘armasi pensiya yoshiga yetgan fuqarolar va yoshlar uchun qanday qilib yuqori miqdorda pensiya olish mumkinligi bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Jamg‘arma barcha yoshlik paytidan o‘zining kelgusidagi pensiyasi haqida qayg‘urishi, bu davrga oldindan tayyorgarlik ko‘rishi lozimligini, ko‘pchilik pensiya yoshiga yaqin qolgandagina bu haqda o‘ylashni boshlashini qayd etdi.

Pensiya tayinlangandan so‘ng esa ko‘pchilik fuqarolarda “Nega menga kam miqdorda pensiya tayinlandi?”, “Meni hisobim bo‘yicha ko‘proq pensiya olishim kerak edi?” kabi savollar tug‘iladi.

Yoshga doir to‘liq pensiya 60 yoshga to‘lgan erkaklarga 25 yil ish staji, 55 yoshdagi ayollarga esa 20 yil ish staji bilan tayinlanadi. Kamida 7 yil ish stajiga ega bo‘lganlarga to‘liqsiz pensiya belgilanadi.

Pensiya tayinlashda quyidagilar ish stajiga hisoblanadi:

  • rasmiy ishdagi ish haqi hisoblangan davrlar;
  • YTT, o‘zini-o‘zi band qilgan yoki xorijda ishlagan shaxs sifatida Pensiya jamg‘armasiga ijtimoiy soliq to‘langan davrlar.

Masalan, ayollar ishlaganiga 20 yil bo‘lganda 54 yoshdan yoshga doir pensiyaga chiqishi mumkin.

Yuqoridagi davrlar uchun kamida 7 yil ish stajiga ega bo‘lganda fuqaroning harbiy xizmat, oliy o‘quv yurtidagi kunduzgi o‘qish hamda bola parvarishi uchun ta’tilda bo‘lgan (har bir bola uchun 3 yil, jami 6 yilgacha) davrdlar ham umumiy ish stajiga qo‘shiladi.

Pensiyaga tayyorgarlik qanday amalga oshiriladi?

Pensiya tayinlashda fuqaroning rasmiy ishlagan davri va soliq to‘langan ish haqi (daromadi) hisobga olinadi. Ya’ni, rasmiy ish va daromad orqali yilma-yil pensiyaga huquq shakllanib boradi. Buning uchun esa fuqarolar ish faoliyati va daromadini rasmiylashtirib borishi kerak.

Jamg‘arma ko‘p miqdordagi mablag‘ bilan pensiyaga chiqish uchun fuqarolarga quyidagilarni tavsiya qilmoqda:

  • mehnat faoliyati rasmiy shaklda ketayotganiga, tashkilot ish stajini yozib borayotganiga ishonch hosil qilish. Buni Yagona portali orqali mustaqil tekshirish ham mumkin;
  • ish beruvchidan ish staji to‘g‘risidagi ma’lumotlarini raqamlashtirishni talab qilish;
  • hisoblangan va qo‘lga oladigan ish haqi, ushlab qolinayotgan daromad soliqlari hamda jamg‘arib borilayotgan pensiya uchun o‘tkazilayotgan mablag‘ kabilarni doimiy tekshirib borish;
  • norasmiy faoliyatdagilar o‘z-o‘zini band qilgan holda ro‘yxatdan o‘tib, Pensiya jamg‘armasiga belgilangan tartibda ijtimoiy soliq to‘lash orqali ish stajini ko‘paytirish;
  • pensiya qonunchiligiga oid yangiliklar, ma’lumotlar bilan muntazam ravishda tanishib borish, kiritilayotgan o‘zgarish va qo‘shimchalardan xabardor bo‘lish.

Shu bilan birga, mehnat faoliyatini yuritmayotgan fuqarolar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limlariga mehnat daftarchasidagi ma’lumotlarini raqamlashtirishni so‘rab murojaat qilishlari lozim.

Mehnat faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni raqamlashtirish pensiyaga chiqish vaqti kelganda ortiqcha ovoragarchilikning oldini oladi. Bunday ma’lumotlarni Yagona portalda ko‘rish mumkin.

Pensiya jamg‘armasi ushbu tavsiyalar asosida mehnat faoliyatini olib borish orqali pensiya yoshiga yetgan fuqarolarning pensiya ta’minoti kafolatlanishini qayd etdi.

Qo‘shimcha ma’lumotlar, pensiyaga oid masalalar bo‘yicha jamg‘arma Call markazining 1271 raqamiga murojaat qilish mumkin.

2024-yil boshida Yagona portalda pensiya tayinlash uchun onlayn ariza yuborish imkoniyati yaratildi. Undan hech qanday hujjatlarsiz bepul foydalanish mumkin. “Spot” bu bo‘yicha qo‘llanma taqdim etgandi.

Joriy yilning 1-martidan yoshga doir pensiyani proaktiv shaklda tayinlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Pensiya jamg‘armasi proaktiv shakl qanday bo‘lishi haqida ma’lumotlar bergandi.