Avvalroq IIV tomonidan yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballarini belgilashga qaratilgan hukumat qarori loyihasi muhokamaga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.

Taklif etilayotgan nizom talablari belgilanmagan qoidabuzarliklarga, shu bilan birga, O‘zbekistonda vaqtincha yoki tranzit harakatlanayotgan, xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari haydovchilariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Haydovchilarning yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaslik holatlari 12 ballik jarima ballari asosida 12 oy davomida baholab boriladi. Ularga ballar asosiy jazo bilan birga hisoblanadi.

Jarima ballari birinchi qoidabuzarlikdan boshlab keyingi yilning shu kuniga qadar hisoblanadi. Bu vaqt ichida jarima ballari 12 ballga yetmasa, ular keyingi jarima ballariga qo‘shib hisoblanmaydi va jarima ballarini hisoblash yangidan boshlanadi.

Haydovchilar o‘zining jarima ballari haqidagi ma’lumotlarni istalgan vaqtda E-jarimaball moduli yoki maxsus mobil ilova orqali olishlari mumkin.
Qoidabuzarliklar 8 jarima baliga yetganda, bu haqda haydovchilar SMS-xabar orqali ogohlantiriladi.

Hisoblangan jarima ballari 12 balldan oshsa, elektron ma’muriy bayonnomalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari orqali ma’muriy jazoni qo‘llash uchun jinoyat ishlari bo‘yicha hududlar sudlariga inson omilisiz avtomatik tarzda elektron yuboriladi. Haydovchilar esa SMS orqali ogohlantiriladi.

Ma’muriy huquqbuzarlik tasdiqlansa, jarima ballari huquqbuzarlik sodir etilgan kundan boshlab hisoblanadi. Agar qaror bekor qilinib, haydovchi ma’muriy javobgarlikdan ozod etilsa, jarima ballari hisoblanmaydi.

12 oyda qoidalarini buzmagan haydovchilar keyingi jarima ballarini hisoblashdagi birinchi huquqbuzarligi uchun jarima bali olmagani bilan, jazodan ozod etilmaydi.

Haydovchilarning oxirgi huquqbuzarligi uchun jarima bali hisoblangan vaqtdan boshlab, ular 6 oy davomida huquqbuzarliklarni sodir etmagan taqdirda, ularning umumiy jarima ballaridan 2 jarima balli ayirib tashlanadi.

Bunda jarima ballarining umumiy miqdori 2 jarima ballidan kam bo‘lsa, barcha jarima ballari ayirib tashlanadi hamda hisoblash muddati birinchi huquqbuzarlik sodir etilgan vaqtdan yangidan boshlanadi.

Haydovchilar jarima ballari bo‘yicha YHXX huzuridagi Ma’muriy amaliyot markazi va hududiy YHX boshqarmalari ma’muriy amaliyot markazlariga murojaat qilishlari mumkin.

Murojaatlar ko‘rib chiqilib, uni qanoatlantirish yoki rad etish, shuningdek, huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha qarorni bekor qilish yoki tugatish to‘g‘risida qaror qiladi.

Agar jarima ballarini hisoblashda texnik xatolik aniqlansa, qoidabuzarlik zarurat holatida sodir etilgan bo‘lsa va boshqa holatlarda huquqbuzarlik bekor qilinishi mumkin.

Haydovchilar markazlar qarorlari yuzasidan yuqori turuvchi organlarga va sudga shikoyat qilishlari mumkin. Bu organlarning qarorlari jarima ballarini o‘zgartirishga asos hisoblanadi.

Loyiha bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Fikr-mulohazalar 4-aprelgacha qabul qilinadi.

Joriy yilning fevral oyida prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yo‘l harakati xavfsizligi tizimini yashilash, qoidabuzarliklar uchun jarima ballarini joriy etishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.

Jarima ballari bir yilda 12 balldan oshgan haydovchilar avtomobil boshqarish huquqidan 6 oygacha mahrum qilinadi. Qanday qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblanishi haqida batafsil havola orqali tanishish mumkin.

YHXX boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov kelgusida kamera va radarlar orqali yoziladigan jarimalarni ham 12 ballik tizimga qo‘shib hisoblash rejalashtirilganini ma’lum qilgandi.

Avvalroq Senat avtobus yo‘laklari va trotuarlarda harakatlanganlik uchun jarimalar joriy etishni ma’qullagani haqida xabar berilgandi.