Joriy yilning fevral oyida O‘zbekistonda 28 226 dona yangi avtomobillar sotilgan. Bu haqda O‘zavtosanoat kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Barcha savdolarning 49,1%i UzAuto Motors hissasiga to‘g‘ri keladi. Undan keyingi o‘rinlarda Khorezm Auto (37,1%), ADM Jizzakh (9,2%) va BYD Uzbekistan Factory (4,2%) turibdi.
Qolgan uchta ishlab chiqaruvchi — Asaka Motors, SamAuto hamda Jizzakh Auto’ning umumiy ulushi 0,5% ga ham yetmaydi.
Brendlar orasida Chevrolet an’anaviy yetakchilikni saqlab qolmoqda — 24,34 ming dona avtomobil (asosan Cobalt). Kia sotuvi 1 683 dona avtomobilni, BYD esa 1 199 dona elektromobilni tashkil etdi. Top-5 brendlar qatorida Chery (523 ta) va Haval (351 ta) ham bor.
Modellar qatorida ham Chevrolet avtomobillari yetakchilik qilmoqda. Birinchi o‘rinni 11,2 ming dona bilan Cobalt egalladi. 8,27 ming dona bilan Damas keyingi o‘rinda joylashdi.
Top uchlikni esa Tracker’ni (1,46 mingta) ortda qoldirib, Labo yakunladi (2,21 ming dona). Shunday qilib, Kia Sonet (1,24 mingta) beshlikdan joy egalladi.
Fevral oyida birlamchi va ikkilamchi avtomobil bozorlaridagi faollik o‘rtacha pasayishni ko‘rsatdi. Ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar savdosi barqarorlikni qayd etib, xorijda ishlab chiqarilgan avtomobillar savdosi ikki barobardan ko‘proqqa kamaydi. O‘rtacha foydalanilgan elektromobil va xorijiy avtomobillar narxlari pasayib, ayrim mahalliy lyuks avtomobillar narxlarida biroz o‘sish kuzatildi.
Shu bilan birga, o‘tgan oyda mamlakatga avtomobil importi qariyb 3 baravarga kamaydi. Yengil avtomobil olib kelish hajmi 2,8 barobarga, elektromobillar — ikki, gibrid avtomobillar esa 20 barobardan ortiqqa qisqardi.