Tesla AQShda 46 096 ta Cybertruck modelini qaytarib chaqirishini e’lon qildi.
Buning sababi po‘lat tashqi pardoz panelining ajralib, hatto harakatlanish paytida ham uchib ketishiga olib keladigan nuqsondir.
2023-yil 13-noyabrdan 2025-yil 27-fevralgacha ishlab chiqarilgan barcha Cybertrucklar qaytarib chaqiriladi. Avtomobil egalarining taxminan 1%i ushbu nuqson mavjudligi haqida xabar bermoqda.
Pikap egalarining aytishicha, po‘lat tashqi qoplama paneli faqat yelim yordamida mahkamlanadi. Vaqt o‘tishi bilan atrof-muhit ta’sirida yelim parchalanib ketadi.
Tesla chaqirib olingan avtomobillarda tashqi pardozlash panelini yangi yelim va qo‘shimcha gaykali mahkamlash yordamida bepul almashtirib beradi.
Bu Tesla Cybertruck’ni sakkizinchi marta qaytarib olish holati hisoblanadi. Reuters’ning ta’kidlashicha, bu vaziyat Teslaning fond bozoridagi mavqeiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
2025-yil boshidan beri Tesla aksiyalari qariyb 50% qiymatini yo‘qotgan. Buning sabablari: raqobatning kuchayishi va Ilon Maskning siyosiy faolligidir.
Avvalroq Spot Kia Rossiyadagi qariyb 30 ming Sportage krossoverlarini qaytarib olishi haqida yozgandi.
Sabab sifatida ABS/ESC blokidagi nosozliklar ko‘rsatilgan, bu esa dvigatel bo‘linmasida yong‘in xavfini oshirishi mumkin.