Meta va Ray-Ban tomonidan ishlab chiqilgan Ray-Ban Meta aqlli ko‘zoynaklari ko‘pchilik uchun yaxshi tanish bo‘lsa kerak.
2023-yilning kuzida ommaga taqdim etilgan ko‘zoynaklarning Headliner, Skyler hamda Wayfarer kabi modellari mavjud va ularning barchasi turli funkliyalarga ega.
Masalan, Wayfarer bir qarashda oddiy ko‘ringani bilan, u orqali videoga olish, musiqa tinglash hamda Meta AI sun’iy intellektidan foydalanish mumkin. Barcha qurilmalar Meta View ilovasi orqali boshqariladi.
Xo‘sh, ushbu ko‘zoynaklar nimasi bilan ajralib turadi? Spot uning imkoniyatlari, funksiyalari hamda undan qanday qilib foydalanish mumkinligi haqidagi video sharhni taqdim etadi.
Video ko‘rinishda tomosha qiling:
G‘ilof
G‘ilof — nomi aytib turgan funksiyadan tashqari quvvatlantirish vazifasini ham bajaradi. U ortiqcha simlarsiz bo‘lgani sabab ko‘zoynakni uyda yoki ko‘chada quvvatlash mumkin. Bitta quvvatlash to‘rt soatgacha yetib, atigi 22 daqiqada 50% gacha quvvatlash mumkin.
Foto: Javohir Esonboyev / Spot
Qurilmada bir vaqtning o‘zida bir nechta funksiyalarni bajarib, muntazam foydalanilsa quvvati tezroq ketadi. Ushbu keysning o‘zi ham USB-portlari orqali quvvat oladi. Uning saytdagi narxi qariyb $40 ga teng.
Ko‘zoynak
Endi ko‘zoynakka to‘xtalsak. Uning chap tomonida 12 megapikselli kamera, o‘ng tomonida esa sensorli boshqaruv paneli hamda indikator joylashgan. Sensorli boshqaruv qismida barmoqni oldinga siljitish orqali ovoz balandligini oshirish, xuddi shu harakatni teskari, ya’ni orqaga siljitish orqali ovozni pasaytirish mumkin.
Unda qo‘ng‘iroqlarga javob berish uchun sensorli boshqaruv paneliga ikki marta barmoqlar bilan teginish kerak. Rasmga olish uchun o‘ng tomondagi tugmachani bir marotaba bosish, videoga olish uchun esa 1−2 soniya bosib turish kerak bo‘ladi.
Foto: Javohir Esonboyev / Spot
Ko‘zoynaklar Meta View ilovasi orqali boshqariladi hamda uni App Store va Google Play’dan yuklab olish mumkin. Ilova yordamida ko‘zoynak sozlamalarini boshqarish, qurilmani smartfon bilan ulash, fotosurat va videolarni ko‘rish mumkin.
Bundan tashqari, ilova yordamida Meta AI yordamchisi bilan real vaqt rejimida ishlashish mumkin, sun’iy intellekt turli ovozli buyruqlarni qabul qiladi: musiqani boshqarish, xabar yuborish, joylashuv haqida ma’lumot berish va boshqalar.
Ko‘zoynakdagi Meta AI yordamchisi hozirda faqat ingliz, fransuz va italyan tillarida ishlaydi.
Musiqa va tasvir sifati qanday?
Qurilma kamerasi Full HD tasvirga oladi. Tasvir formati esa 3:4 bo‘lgani biroz noqulaylik tug‘dirishi mumkin, chunki bu vertikal yoki formatlarga tushmasligi mumkin. Ko‘zoynak 32 GB xotiraga ega.
Quyida ko‘zoynakning tasvir sifati taqqoslangan: o‘ng tomonda Ray-Ban Meta aqlli ko‘zoynaklari, chap tomonda esa iPhone 12 Pro’da tasvirga olingan suratlar.
Foto: Javohir Esonboyev / Spot
Musiqa. Aqlli ko‘zoynakning yana bir qulayliklaridan biri bu unda musiqani quloqchinlarsiz eshitish imkoniyati hisoblanadi. O‘zingiz yoqtirgan musiqani qo‘yib ovozlarini sozlab borasiz, agar ko‘zoynakni yechsangiz musiqa avtomatik tarzda to‘xtaydi. Taqsangiz esa kelgan joyidan musiqani tinglasangiz bo‘ladi.
Ko‘zoynak xarid qilishga arziydimi?
Bu ko‘zoynaklarning umumiy qiymati Meta saytining o‘zida $299 dan boshlanib $379 ga boradi. O‘zbekistonda uning narxi o‘rtacha narxi 7 mln so‘mni tashkil etadi.
Foto: Javohir Esonboyev / Spot
Agar uni xarid qilmoqchi bo‘lsangiz quyidagi omillarni inobatga olishingiz kerak. Birinchidan, aqlli ko‘zoynaklarning kamerasida video va suratga olish, musiqa, telefonda gaplashish imkoniyatlari qulaylik beradi: ayniqsa sayohat blogi, yoki ekstremal harakatlarni bajaruvchilarga qo‘l kelishi aniq. Lekin sun’iy intellekt bilan bog‘liq qismiga e’tibor beradigan bo‘lsak, uning o‘zbek tilida ishlamasligi biroz qiyinchiliklarni ham keltirib chiqaradi.
Ko‘zoynakni xarid qilayotganda uning o‘lchami, rangi va modelini tanlashda e’tiborli bo‘lish kerak.