2024-yilda O‘zbekistonda qariyb 16 trln so‘m mablag‘ “soya"dan chiqarildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
20-mart kuni bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov va bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev rahbarligida yashirin iqtisodyotni qisqartirish bo‘yicha Maxsus komissiya yig‘ilishi o‘tkazildi.
Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi va Senati qo‘mita raislari hamda mutasaddi tashkilotlar mas’ullari ishtirok etgan yig‘ilishda o‘tgan yil mamlakatda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, faoliyatda korrupsiyani tugatish hamda ularga qarshi kurashish borasidagi ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokama qilindi.
Xufiyona aylanmaga chek qo‘yish va foydalanilmayotgan zaxiralarni ishga tushirishga qaratilgan ishlar natijasida 747 mingdan ortiq holatda rasmiy sektorda aks etmagan aylanmalar hisobga olinib, budjetga qo‘shimcha 15,9 trln so‘m mablag‘ undirildi.
Tadbirkorlik subyektlarida norasmiy ishlayotgan 15 mingdan ortiq ish o‘rinlari legallashtirildi, yashirin faoliyat ko‘rsayotgan 9 mingta tadbirkor esa rasmiy sektorga qaytarildi. Xufiyona iqtisodiy faoliyat bilan bog‘liq jinoyat ishlari doirasida qariyb 2 trln so‘m zarar undirildi.
Qayd etilishicha, tahlillar yashirin iqtisodiyotni qisqartirish ahvoli tubdan yaxshilanmayotganligini, mas’ullarga yuklatilgan vazifalar ijrosi yetarli darajada bajarilmayotganligi uchun qoniqarli natijalarga erishilmaganligini ko‘rsatgan.
Yig‘ilishda soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish, soliq yukini pasaytirish, biznesni yuritishdagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hisobiga teng raqobat sharoitini yaratish hamda iqtisodiyotni raqamlashtirish orqali yashirin iqtisodiyot ko‘lamini qisqartirish va budjetga tushumlar miqdorini oshirish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga topshiriqlar berildi.
Shuningdek, farmatsevtika, transport, qurilish, geologiya, qishloq xo‘jaligi, turizm va bandlik kabi dolzarb sohalarda yashirin aylanmalar ulushini kamaytirish, korrupsion omillarni bartaraf qilish haqida topshiriqlar berilib, nazoratga olindi.
Yashirin iqtisodiyot
2023-yilning sentabr oyida ekspertlar tomonidan yashirin iqtisodiyot hajmi $32 mlrdga (YIMning qariyb 40%i) baholandi. Asosiy tarkibiy qismlar uy-joy va transport vositalarining ikkilamchi bozori, qishloq xo‘jaligi, norasmiy savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidir.
Yil yakuniga kelib, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish uchun naqd pul muomalasini qisqartirish bo‘yicha prezident qarori loyihasi tayyorlanganini ma’lum qildi. Bunda ayrim to‘lovlarni faqat bank kartalari orqali to‘lash nazarda tutilgan.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda “yashirin” iqtisodiyot hajmi 100 trln so‘mga yaqinlashgan, uning 80%i xizmat ko‘rsatish sohasiga to‘g‘ri kelgan.
2024-yil boshida prezident yashirin iqtisodiyotdan YIMga 135 trln so‘m, budjetga 30 trln so‘m tushum yo‘qotilganini qayd etdi. Masalan, qurilish korxonalarining 41%i hisobotida faqat 1 ta ishchisini ko‘rsatgan.
O‘tgan yilning iyul oyida Bosh prokuratura yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish uchun “Telegram"-bot ishlab chiqdi. U orqali huquqbuzarliklar bo‘yicha shikoyatlar, muammolarni hal qilish bo‘yicha takliflar qabul qilinadi.
Oktabr oyi o‘rtalarida Bosh prokuror o‘rinbosari, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i Shamsiddin Sohibnazarov yil boshidan buyon qariyb 10 trln so‘m “soya"dan chiqarilganini ma’lum qilgandi.
Dekabrda esa Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev 2030-yilga borib O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot hajmini 2 barobarga qisqartirish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. 2025-yilda iqtisodiyotni “soya"dan chiqarish hisobiga budjet 20 trln so‘mga to‘ldiriladi.
2024-yilda O‘zbekistonning kuzatilmaydigan iqtisodiyoti hajmi 505,65 trln so‘mni tashkil etdi. Shundan norasmiy iqtisodiyot hajmi 383,64 trln so‘mga, yashirin iqtisodiyot esa 122 trln so‘mga teng bo‘ldi. Tarmoqlar tarkibida qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi yetakchilik qilib, undan keyingi o‘rinlarda qurilish va xizmatlar sohasi turibdi.
Joriy yilning fevral oyida Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida xufiyona faoliyat yuritib, “konvertda” oylik to‘layotgan tadbirkorlar ustidan nazorat kuchaytirilishi ma’lum qilingandi.