Apple o‘zining birinchi buklanadigan iPhone’ini 2026-yilda chiqaradi, deya tasdiqladi Bloomberg jurnalisti Mark Gurman.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qurilma Galaxy Z Flip emas, balki Samsung Galaxy Z Fold’ga o‘xshash kitobcha shaklida bo‘ladi. Bu iPhone gorizontal ravishda ochilib, ixcham planshetga aylanishini anglatadi.

Gurmanning aniqlik kiritishicha, Apple buklanadigan smartfonni ishlab chiqishda shu yil chiqishi kerak bo‘lgan o‘ta yupqa iPhone 17 Air uchun yaratilgan ishlanmalardan foydalanadi.

Qayd etilishicha, modelning qalinligi atigi 5,5 mm bo‘ladi, bu esa uni tarixdagi eng ingichka iPhone’ga aylantiradi.

Yangilikning aniq xususiyatlari hozircha yo‘q bo‘lsa-da, buklanadigan iPhone taxminan $2000 turishi taxmin qilinmoqda.

Ishlab chiqarish murakkabligi sababli, dastlabki bosqichda smartfon cheklangan miqdorda ishlab chiqariladi.

Apple buklanadigan qurilmalar qatorini kengaytirishdan oldin premium segment va talabni tekshirishga e’tibor qaratishi kutilmoqda.


Avvalroq Spot Apple Watch’ga kameralar va sun’iy intellekt funksiyalarini qo‘shishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Aqlli soatning Standart seriyasida kamera xuddi iPhone’dagi kabi, ekranning o‘ziga qo‘shiladi. Ultra’da esa u yon panelda joylashadi.