Qirg‘izistonning Asman Airlines aviakompaniyasi joriy yil oxirigacha O‘zbekistonga parvozlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

Bu haqda TACC agentligiga “Qirg‘iziston aeroportlari” tashuvchisining bosh kompaniyasi rahbari Manasbek Samidinov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2026−2027 yillarda xalqaro reyslarga xizmat ko‘rsatish uchun ikkita Airbus A320 va A321 samolyotlari sotib olinadi.

“Yaqin Sharq va Yevropa mamlakatlariga xalqaro reyslarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini faol ko‘rib chiqmoqdamiz. Shuningdek, 2025-yilda Qozog‘iston va O‘zbekistonga parvozlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqdamiz,” — dedi Samidinov.

Top-menejerning ta’kidlashicha, 2024-yilda kompaniya Kanadaning De Havilland kompaniyasida ishlab chiqarilgan uchta Dash 8400 samolyotini olgan. Hozir ular Qirg‘iziston ichida — Bishkek, O‘sh, Qorako‘l, Talas va Jalolobod o‘rtasida parvozlarni amalga oshirmoqda.

2024-yil fevral oyida Qirg‘izistonning “Tez Jet” kompaniyasi “O‘zaviatsiya"dan O‘zbekistonga parvoz qilish uchun ruxsat oldi. 3-sentyabrdan boshlab Bishkekdan Toshkentga parvozlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.


Avvalroq Spot Ural Airlines uchta yangi yo‘nalish bo‘yicha O‘zbekistonga parvozlarni yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi.

Aviakompaniya Sochidan Samarqand va Namanganga, shuningdek, Krasnoyarskdan Samarqandga muntazam reyslarni amalga oshirish uchun ruxsat oldi.