O‘zbekiston elektr energiyasiga bo‘lgan talabni qondirish uchun katta quvvatli atom stansiyalarini qurishi kerak. Bu haqda Alter Ego Youtube kanaliga bergan intervyusida hukumat huzuridagi Atom energiyasi agentligi (O‘zatom) direktori Azim Axmedxo‘jayev ma’lum qildi.
Kirill Altmanning “O‘zbekiston atom elektr stansiyasini qurmasdan ham kun ko‘ra oladimi?”, degan savoliga Axmedxo‘jayev “yo‘q” deya javob berdi.
“Bu energetika xavfsizligi masalasi. Yo‘qsa, keling yuqori kaloriyali ko‘mirni import qilishda, uni yoqishda, ekologiyamizni zaharlashda davom etaylik, o‘n milliardlab kub metr gazni import qilib, bunga pul sarflaylik. Vaholanki, bu pulga bir nechta [atom] stansiyalarini qurish, elektr energiyasini arzonlashtirish, energetika nuqtai nazaridan mustaqil bo‘lish va undan zavqlanish mumkin”, — dedi u.
O‘zatom rahbari kichik AES qurilgandan keyin O‘zbekiston texnologiya masalasida Rossiyaga qaram bo‘ladi, degan fikrga qo‘shilmadi. “Yadroviy orol” Rossiyaniki bo‘lishiga qaramay, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi Fransiyaniki, turbina uskunalari Yevropa yoki Xitoyniki, ishchi kuchi esa mahalliy bo‘ladi.
Shuningdek, Axmedxo‘jayev Altman qayd etgan O‘zbekiston Milliy universiteti professori Isobek Xolboyevning elektr energiyasiga bo‘lgan talabni to‘liq qoplash uchun O‘zbekiston katta quvvatli to‘rtta AES qurishi kerakligi haqidagi fikriga qo‘shildi.
“Biz har yili kuzatayotgan tendensiyalar va iste’mol hajmini inobatga olsak, ha, bularning barchasi uchun katta quvvatli atom elektr stansiyalarini qurish zarur”, — deya ta’kidladi u va yana 2 ta energoblokdan iborat yirik quvvatli AESning qiymati taxminan $6 mlrdni tashkil etishini qo‘shimcha qildi.
Bundan tashqari, O‘zatom direktori kichik AESda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi narxi haqidagi savolga bu haqda gapirishga hali erta ekanini aytdi. Kelgusida elektr energiyasi tariflari talab va taklifdan kelib chiqib, bozor tamoyillari asosida belgilanadi.
Avvalroq O‘zatom Fransiyaning uchta kompaniyasi bilan kichik AES bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani haqida xabar berilgandi.