Joriy yilning fevral oyida Markaziy bank 5 ta bankka nisbatan jarima qo‘lladi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan o‘tgan oydagi yig‘ilishlarida 43 ta masala ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Xususan, ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 31 ta masala muhokama qilindi.
Shundan 8 tasi kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, 3 tasi yangi ochilayotgan mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatdan o‘tkazish, 5 tasi kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish va 1 tasi vakolatxona ochishga ruxsat berish bo‘yicha bo‘lgan.
Regulyator tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda aniqlangan kamchiliklar, jumladan, o‘rnatilgan iqtisodiy me’yorlarga va qonunchilik talablariga rioya qilinmaganligi uchun 3 ta bank chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.
Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish va inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 5 ta bankka nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llanildi.
Kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 12 ta masala — Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, banklarda o‘tkazilgan o‘rganish natijalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, Ishonch plyus hamkor mikromoliya tashkiloti davlat reyestridan chiqarildi. Bu bo‘yicha mikromoliya tashkiloti ta’sischilari tomonidan tashkilotni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Avvalroq Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14%gacha oshirgani haqida xabar berilgandi. Regulyatorning asosiy stavkani oshirish qarori inflyatsiya darajasini 5%lik maqsadli darajaga erishish uchun yetarli sharoitlar yaratishga qaratilgan.