OpenAI va MIT Media Lab’ning yangi tadqiqotlari shuni ko‘rsatdiki, foydalanuvchilar ChatGPT bilan muloqot qilish uchun qancha ko‘p vaqt sarflashsa, ular o‘zlarini shunchalik yolg‘iz his qilishadi. Bu haqda Engadget nashri xabar berdi.
Aloqa hali ekspertlar tomonidan tekshirilmagan ikkita tadqiqot doirasida o‘rnatilgani aniqlandi. OpenAI “ChatGPT bilan 40 mlndan ortiq muloqotni” tahlil qildi va foydalanuvchilar orasida maqsadli so‘rovnomalar o‘tkazdi. MIT Media Lab esa chat-botdan foydalanganidan so‘ng to‘rt hafta davomida respondentlar bilan suhbatlar olib bordi.
Tadqiqot ChatGPT bilan muloqot — xoh matnli, xoh ovozli bo‘lsin — “yolg‘izlikni kuchaytirish va ijtimoiylashuvni kamaytirish"dan tashqari insonning hissiy tajribasiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan bir nechta usullarni aniqladi.
Masalan, chat-botga ishongan va unga hissiy bog‘lanib qolishga moyil bo‘lgan ishtirokchilar o‘zlarini ko‘proq yolg‘iz his qilishdi va ChatGPTga ko‘proq hissiy bog‘lanib qolishdi.
Biroq, bu ta’sirlar ovozli muloqotda, ayniqsa chat-bot neytral ohangda gapirganda kamroq namoyon bo‘ldi. Sun’iy intellekt bilan shaxsiy mavzularni muhokama qilish ham qisqa muddatda yolg‘izlikning kuchayishiga olib keldi va umumiyroq mavzulardagi suhbatlar hissiy qaramlikni kuchaytirishi ehtimoli ko‘proq edi.
OpenAI tadqiqotining asosiy kashfiyoti shundan iboratki, ChatGPT bilan hissiy suhbatlar hali ham ommalashmagan.
Kompaniya ta’kidlashicha, “Hissiy-ekspressiv muloqotlar faqat kengaytirilgan ovozli rejimdan faol foydalanuvchilarning kichik guruhidagina keng tarqalgan edi”.
Bu shuni ko‘rsatadiki, MIT tadqiqotchilari aniqlagan tendensiyalar hozircha tajribali foydalanuvchilarning tor doirasidan tashqariga chiqmagan.
Avvalroq OpenAI ChatGPT’dan senzurani olib tashlashga harakat qilmoqchiligi haqida yozgandi.
ChatGPT ko‘proq savollarga javob bera oladigan, turli xil nuqtai nazarlarni taklif qiladigan va sun’iy intellekt chat-boti gapirmaydigan mavzular sonini kamaytiradigan bo‘ladi.