Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasida elektroskuterlar uchun akkumulyatorlar ishlab chiqaradigan zavod ish boshladi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

22-mart kuni Hong Gang International qo‘shma korxonasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Uchko‘prik tumani mutasaddilari hamda loyihada ishtirok etayotgan xitoylik investorlar qatnashdi.

Zavodni tashkil etish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar miqdori $11 mlnni tashkil etdi. Yangi korxonada 300 ga yaqin kishi ish bilan ta’minlandi.

Birinchi bosqichdagi loyiha doirasida bu yerda yiliga 250 ming dona qo‘rg‘oshinli akkumulyatorlar ishlab chiqariladi.

Qayd etilishicha, Xitoylik investorlar Qo‘qon EIZda qiymati $60 mln bo‘lgan yana bir loyihani amalga oshirishni boshladi.

Shavkat Mirziyoyev 2021-yil bahorida elektrotexnika sanoatini rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi. Unda “Qo‘qon” EIZda umumiy quvvati yiliga 28 ming dona elektroskuter ishlab chiqaradigan to‘rtta xususiy korxona tashkil etish nazarda tutilgan edi. Ularni 2021−2022 yillarda ishga tushirish rejalashtirilgan edi.

Bundan tashqari, 2022-yil noyabr oyida Buxoro viloyatida elektr samokatlar va elektr skuterlar uchun akkumulyatorlar ishlab chiqarish zavodini tashkil etish rejasi muhokama qilingan edi. Loyihani amalga oshirishga Janubiy Koreyaning AIMS kompaniyasini jalb qilish rejalashtirilgan edi.


Avvalroq Spot Malayziya kompaniyasi O‘zbekistonda skuter ishlab chiqarmoqchiligi haqida yozgandi.

Loyiha doirasida eksportga yo‘naltirilgan ixcham elektr skuterlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.