Jahongir Sadiev 1997-yil Toshkentda tug‘ilgan. 2013-yilda maktabni tamomlab, Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti akademik litseyida o‘qigan. Keyinchalik Toshkentdagi Vestminster universitetida Biznes boshqaruvi yo‘nalishida bakalavr darajasini olgan.
2022-yilda magistraturani Amerikaning Auburn universitetida Davlat va jamiyat boshqaruvi yo‘nalishida davom ettirgan. 2024-yilda uni tugatib, hozirda Harvard Kennedy School'da Ekonometrika va miqdoriy iqtisodiyot bo‘yicha ikkinchi magistratura bosqichida tahsil olmoqda.
Nega yana AQSh?
Amerikaga borishimning sababi — “Fulbright” dasturini yutganim. Dastlab Yevropaga bormoqchi edim, lekin “Fulbright” universitetni o‘zi tanlaydi va har doim istagan universitetingizga bora olmaysiz. Men “Public Administration” dasturini tanlab, Auburn universitetiga kirdim.
Harvard universitetiga borishimning asosiy sababi esa bolalik orzum, qiziqishlarim va maqsadlarim bo‘lgan. Ota-onam ta’limga katta e’tibor berishgan. Bir safar dadam: “Harvardda o‘qisang, katta ishlar qilasan, yurtingga foydang tegadi”, deb aytgan edilar. Bu fikr ongimga muhrlanib, vaqt o‘tishi bilan qiziqishlarim shakllandi: oziq-ovqat xavfsizligi, “yashil” energetika, infratuzilma rivojlanishi kabi yo‘nalishlar diqqatimni torta boshladi.
Bundan tashqari, Amerikada o‘qish va yashash davomida texnik qobiliyatlarimni rivojlantirishga qiziqishim ortdi. Davlat boshqaruvida “data-driven” qarorlar muhimligini tushundim. Birinchi magistraturamdagi ba’zi fanlar bu qarorga turtki bo‘ldi. Oziq-ovqat xavfsizligi kabi sohalarda iqtisodiy o‘sishsiz katta natijalarga erishish mumkin emasligini angladim. Harvardda bu borada yaxshi dastur mavjud.
Xorijda ta’lim sifati yuqori. Vestminsterni tugatib, Yevropaning “Chevening”, DAAD, “Hungaricum”, “Erasmus Mundus” kabi o‘nlab grantlariga hujjat topshirdim, lekin hammasidan bir yilda yiqilganman. Keyin nisbatan qiyinroq “Fulbright Scholarship"ga hujjat topshirib, oldingi tajribalarim natijasida grant qo‘lga kiritdim.
AQShda birinchi magistraturamni a’lo baholar bilan yakunladim. Maqsadim bir edi: tanlagan sohamda ekspert bo‘lish va siyosatni shakllantirishda (policymaking) o‘z hissamni qo‘shish.
Foto: Jahongir Sadievning shaxsiy arxividan
O‘qish va ish jarayonida iqtisodiy rivojlanishsiz o‘zgarishlar amalga oshmasligini tushundim. Ma’lumotlarga asoslangan qarorlar, miqdoriy usullar va empirik tadqiqotlar muhim. Shu bois Harvard Kennedy School’da Ekonometrika va miqdoriy iqtisodiyot magistraturasi dasturiga hujjat topshirdim va 2024-yilning martida to‘liq grant asosida qabul qilindim.
Yo‘nalishim: MPA/ID (Master in Public Administration in International Development) dasturi xalqaro rivojlanish va qashshoqlikni kamaytirishga qaratilgan. Unda makro- va mikroiqtisodiy tahlil, iqtisodiy o‘sish diagnostikasi, talab-taklif muammolarini aniqlash, empirik tadqiqotlar asosida qaror qabul qilish kabi mavzular qamrab olingan.
Hujjat topshirish jarayonlari
Harvard Kennedy Schoolga hujjat topshirish Amerikaning boshqa OTMlaridagi magistratura talablari bilan deyarli bir xil: esse, rezyume, baholar transkripti, uchta tavsiyanoma, ingliz tili sertifikati va GRE/GMAT natijalari talab qilinadi. Harvard qabul jarayoniga yaxlit yondashadi, ya’ni abituriyentlarni faqat baholar va test natijalariga ko‘ra emas, balki shaxsiy va kasbiy jihatlariga asoslanib ham baholaydi.
Shuning uchun Harvardga kirish shaxsan mendan ko‘proq tayyorgarlik talab qildi. Bunda esa men quyidagi bir nechta yo‘nalishlarga e’tibor qaratdim:
Esselar. Hayotiy tajriba, liderlik va jamoaviy ish qobiliyatlarini haqiqiy misollar bilan ifodalash muhim. Abstrakt fikrlardan qochib, aniq faktlarga asoslangan javob yozish kerak. Eng asosiy savol “Nega aynan Harvard va u sizga qanday imkoniyatlar yaratadi?”, degan savoldir.
Masalan, agar iqlim o‘zgarishi va dekarbonizatsiyaga qiziqsangiz, nimaga ushbu sohada ishlab, kerakli o‘zgarishlarga bor imkoniyatlaringizdan foydalanib, erishmaysiz. Nima to‘sqinliklar borki, sizga Harvard ularni yengishda yordam beradi? Rostini yozing.
Rezyume. Amerika shakliga mos, soddaligi va natijalarga yo‘naltirilganligi bilan ajralib turishi lozim. Harvardda suhbat bo‘lmaganligi uchun hujjatlarda yutuqlaringizni aniq ko‘rsatish juda muhim. O‘zingizni taqdim eta bilishingiz kerak!
Uchta tavsiyanoma. Ular sizning 3 ta jihatingiz: akademik qobiliyatlaringiz, professional mahoratingiz va shaxsiyatingizni yoritib berishi kerak. Buning uchun tavsiyanoma yozadiganlar bilan oldindan gaplashib olish kerak bo‘ladi.
GRE/GMAT testlari juda muhim emas, lekin oldingi baholar past bo‘lsa, ayniqsa “quantitative reasoning” bo‘limida yuqori natija ko‘rsatish foydali bo‘ladi.
Ingliz tili sertifikati (IELTS/TOEFL). Harvard IELTSdan har bir komponenti kamida 7, TOEFL iBTdan kamida 25 ballni talab qiladi. Biroq, yaqinda qabul komissiyasi bilan gaplashganimda ushbu talab endilikda juda qattiq qaralmasligini ta’kidlashgandi.
Men Harvardga ikki yil davomida tayyorlandim: birinchi magistraturamda a’lo baholarga o‘qidim, Jahon Banki va BMTda xalqaro rivojlanish bo‘yicha ishladim, shaxsiy loyihalarim orqali tajriba orttirdim.
Foto: shaxsiy arxiv
Harvardga grant yutish
Hozirda Harvard granti asosida ta’lim olyapman. Harvardda universitet grantiga topshirish uchun alohida bosqich bor. Harvard moliyaviy yordami keng qamrovli bo‘lib, hujjat topshirgandan keyin “application portal” orqali mavjud grant va stipendiyalar ro‘yxati, ularning mezonlari beriladi. Ular mintaqa, soha yoki ijtimoiy holatga qarab taqdim etiladi.
Grantlar juda ko‘p va deyarli hammasi sizning yutuq va qobiliyatlaringiz asosida beriladi. Mezonlarga to‘g‘ri kelsangiz, portalni o‘zida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xohlagan grant va stipendiyalarga topshirsangiz bo‘ladi — ko‘pchiligi qo‘shimcha insho yoki yozma ishlar so‘rashi mumkin.
Moliyaviy yordamga topshirish uchun taxminan bir oy vaqt beriladi. Ehtiyojga asoslangan, ya’ni daromadi past bo‘lganlar uchun ham grant bor — unda yillik daromadlaringizni ko‘rsatasiz va qisqa esse yozasiz — tasdiqlovchi hujjatlarni berish shart emas.
Men ikkita grant yutganman:
- Harvard International Development Scholarship (xalqaro rivojlanish sohasi uchun)
- Nurlan Kapparov Fellowship (Qozog‘iston va 2024-yildan O‘rta Osiyo vakillari uchun)
Jami grant miqdori: $140 ming (ikki yillik o‘qishim to‘liq qoplanadi).
Harvard granti o‘qish, sug‘urta, kurs materiallari va yana boshqa bir qator to‘lovlarni to‘liq qoplaydi.
“Fulbright Foreign Student” dasturi
“Fulbright Foreign Student” grantini Harvarddan oldin qo‘lga kiritganman. Bu nufuzli dastur barcha xarajatlarni, jumladan TOEFL va GRE imtihonlari xarajatlarini ham qoplab beradi, shuningdek stipendiya ajratadi. Jami grant miqdori — $130 ming.
“Fulbright” magistratura talabalari va tadqiqotchilar uchun AQShda tahsil olish va ilmiy izlanish olib borish imkoniyatini yaratadi. Dastur 160 dan ortiq mamlakatda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, uning doirasida har yili 4 ming nafar talaba tanlab olinadi, shundan o‘rtacha 3 nafari o‘zbekistonlik bo‘ladi. Bitiruvchilari orasida 60 nafar Nobel mukofoti laureati, 88 nafar Pulitzer sovrindori va 37 nafar davlat yoki hukumat rahbari bor.
O‘zbekistonda qabul jarayoni har yili bahorda boshlanib, may oxiri yoki iyun boshida yakunlanadi. Talab etiladigan hujjatlar magistratura dasturlari uchun taqdim etiladigan odatdagi hujjatlar bilan bir xil: esse, rezyume, transkript, uchta tavsiyanoma. TOEFL va GRE majburiy emas, lekin grant yutganingizdan keyin topshiriladi. Boya aytganimdek, xarajatlarini qoplab berishadi. G‘oliblar kelasi yili AQShga jo‘natiladi.
Tanlov 4−5 oy davom etadi:
- Yarim finalchilar ajratib olinadi va avgust boshida suhbat bo‘lib o‘tadi.
- Natijalar suhbatdan keyin bir hafta ichida e’lon qilinadi.
- TOEFL yoki GRE testlar: sentabr-oktabr oylarida topshiriladi, natija past bo‘lsa, qayta topshirish imkoniyati beriladi.
Muhim jihat: “Fulbright” O‘zbekistondagi nomzodlar uchun o‘quv dargohlarini o‘zi tanlaydi, ya’ni alohida hujjat topshirish shart emas.
Foto: shaxsiy arxiv
“Fulbright” barcha xarajatlarni qoplaydi, jumladan:
- o‘qish to‘lovlari (tuition and student fees);
- tibbiy sug‘urta (health insurance);
- imtihon to‘lovlari (TOEFL/GRE);
- O‘zbekistondan AQShga borish va qaytish aviachiptalari (travel costs);
- kitoblar uchun mablag‘ (book allowances — har semestr);
- kompyuter xarajatlari (computer fees — bir marta);
- oylik stipendiya (shaharga qarab farqlanadi).
Grant bitiruvchilari butun dunyo bo‘ylab faoliyat yurituvchi tarmoqning bir qismiga aylanadi. Men 2024-yilda birinchi magistraturamni tamomlab, “Fulbright” dasturini yakunladim.
100% grant yutish siri
To‘liq grant yutish, ayniqsa stipendiya olish oson emas. Yaxshi tomoni — grantlar faqat Harvard tomonidan emas, balki boshqa tashkilotlar tomonidan ham taqdim etiladi. Masalan:
- Jahon Banki — Joint Japan/World Bank graduate scholarship program (faqat 24 ta universitet uchun, Harvarddagi magistratura dasturim ham ishtirok etadi).
- “El-yurt umidi” — Harvardda o‘qish uchun yaxshi imkoniyat.
Xorijiy grantlarda sizning natijalaringiz, kelajak rejalaringiz va ambitsiyalaringiz asosiy rol o‘ynaydi. Muhimi, topshirayotgan stipendiyangizga o‘zingizni loyiq deb bilishdir.
Amerikada ta’lim tizimi
Amerikadagi ta’limning asosiy jihati — talaba va professor o‘rtasidagi yaqin munosabat. Ustozlar talabalarni hamkasb sifatida qabul qilib, akademik va professional maslahatlar berishadi. Ofis soatlarida ularga bemalol murojaat qilish mumkin.
Harvard ta’lim sifati va resurslari bilan ajralib turadi. Darslar Nobel mukofoti sovrindorlari va soha mutaxassislari tomonidan o‘tiladi. Kutubxonalar 24 soat ochiq, kompyuter va kitoblarni bepul ijaraga olish mumkin.
Harvard ilmiy izlanishlarga katta urg‘u beradi — bu yerda yangi g‘oyalar va tadqiqotlar ishlab chiqiladi. Talabalar esa yirik loyihalarni boshqaradi. Masalan, kursdoshim 21 yoshida Afrikadagi qishloqlarga radio orqali sog‘liqni saqlash bo‘yicha ma’lumot yetkazib, 30 mlndan ortiq kishini qamrab olgan. Yana biri o‘z mamlakatida pul-kredit siyosatining turli aholi qatlamlariga ta’sirini o‘rganib, samarali modelni ishlab chiqqan.
Mening dasturimning asosiy afzalligi kurslarning o‘zaro bog‘liqligidir. Masalan, mikroiqtisodiyotda o‘rgangan bilimlarimizni iqtisodiy rivojlanish kursida kam ta’minlangan aholi uchun naqd pul o‘tkazmalari dasturini ishlab chiqishda qo‘lladik. Keyin ekonometrika darsida uning ta’sirini statistik tahlil yordamida baholadik. Shuningdek, turli ssenariylarni simulyatsiya qilib, moliya vazirlari rolida siyosiy muzokaralar olib borishni mashq qildik.
Foto: shaxsiy arxiv
O‘qishdan tashqari ish. Amerika qonunlariga ko‘ra, xorijiy talabalar o‘qish davrida universitetda 20 soatgacha ishlashlari mumkin. Men o‘quv assistenti (Teaching Assistant) sifatida darsliklar tayyorlash, uy ishlarini tekshirish va talabalar bilan qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tkazish bilan shug‘ullanaman.
O‘qishdan tashqari ishlash shahar va o‘qishga ham bog‘liq. Masalan, Alabamadagi tanishlarim Teaching Assistant bo‘lib haftasiga 20 soat ishlashadi va oyiga $1200-$1800 ish haqi olishadi (“Fulbright” stipendiyasini olayotgan paytimda bu faoliyat bilan shug‘ullanmaganman).
Massachusettsda Teaching Assistantlar haftasiga bir xil soat ish vaqti bilan $1700-$2600 olishadi. Bu asosan kurs va ishga qarab farqlanadi: dars o‘tsangiz ko‘proq, faqat uy ishlarini tekshirsangiz kamroq olasiz.
Oylik xarajatlar
Raqamlar shtat va shaharga qarab o‘zgarib boradi. Quyida Alabama va Massachusetts shtatlari misolida bitta talabaning o‘rtacha xarajatlari taxminan hisob-kitob qilingan:
Xarajatlar turi | Alabama | Massachussetts |
Ijara uchun | $700−900 | $1500−2000 |
Oziq-ovqat (grocery) | $250−350 | $350−450 |
Transport | — (universitet avtobuslari bepul, aks holda $50−100) | — (universitet avtobuslari bepul, aks holda $90−150) |
Kiyim-kechak | $50−100 | $80−150 |
Madaniy hordiq uchun | $100−200 | $150−300 |
Kelajakdagi rejalar
Harvardda atigi 7−8 nafar o‘zbekistonlik talaba bor, mening dasturimda esa so‘nggi marta 2003-yilda o‘zbekistonlik o‘qigan. Men Harvard va boshqa nufuzli universitetlarda O‘zbekiston, umuman, Markaziy Osiyodan ko‘proq talaba kelib tahsil olishini xohlayman. Shu maqsadda hozirda ikki yo‘nalishda ishlayapman: Harvardda O‘zbekistonni tanitish va o‘zbekistonliklar orasida Harvardda o‘qishni targ‘ib qilish.
- Harvard va Massachusetts Institute of Technology (MIT) talabalarining O‘zbekistonga tashrifi — ilk bor 40+ talaba O‘zbekistonga keladi. Ushbu loyiha mart oyida o‘tkazilib, muntazam davom ettiriladi.
- O‘zbekistonliklar uchun Harvard qabul komissiyalari bilan virtual sessiyalar tashkil qilyapman. Hozir Harvardning boshqa maktab va kollejlari bilan ham shunday uchrashuvlar va safarlar uyushtirishni rejalashtiryapman. Bu abituriyentlarga universitet haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’lumot olish imkonini beradi.
- Harvard darsliklariga O‘zbekistonga oid materiallarni kiritish — mamlakatimizdagi yutuqlar va muammolar yechimini Harvard talabalari va professorlari bilan tahlil qilishni yo‘lga qo‘ymoqchiman.
Kelajakda bu tashabbuslarni kengaytirib, Harvardda o‘zbekistonlik talabalar va tadqiqotchilar sonini oshirishni maqsad qilganman.