Qozog‘istonning Kaspi fintex guruhi O‘zbekistonning Uzcard va Humo to‘lov tizimlari kartalariga pul o‘tkazmalarini ishga tushirdi. Bu haqda Nur.kz xabar berdi.

Ilgari Qozog‘istondan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari faqat VISA va Mastercard kartalari orqali mavjud edi. Endilikda Kaspi superilovasi foydalanuvchilari faqat karta raqamini ko‘rsatish orqali mablag‘ o‘tkazishlari mumkin, bunda qabul qiluvchining ismi avtomatik ravishda paydo bo‘ladi.

Kaspi rahbari va hammuassisi Mixail Lomtadze Uzcard va Humo to‘lov tizimlari orqali pul o‘tkazmalarining ishga tushirilishi Qozog‘iston va O‘zbekiston aholisi o‘rtasida bu jarayonlarni qulayroq va tezroq qiladi.

“Odamlar bir-birlarinikiga mehmonga va ish yuzasidan boradilar, demak, doimo to‘lovlar va pul o‘tkazmalarini amalga oshirish zarurati tug‘iladi. Biz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni rivojlantirishga o‘z hissamizni qo‘shishdan mamnunmiz”, — dedi u.

Kaspi.kz super ilovasining 15 mlnga yaqin foydalanuvchisi mavjud, unda onlayn xaridlar, pul o‘tkazmalari, xizmatlar uchun to‘lovlar, chiptalarni bron qilish va davlat xizmatlari mavjud. Shuningdek, Kaspi Pay biznes-ilovasidan 700 mingga yaqin tadbirkor foydalanadi.

O‘zbekistonda Kaspi faoliyati

So‘nggi ikki yil davomida Kaspi geografik kengayish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Kompaniya asosiy e’tiborni mobil aloqaning kirib borishi yuqori bo‘lgan, naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimi rivojlangan va elektron tijorat rivojlanayotgan mamlakatlarga qaratadi. 2024-yil oktyabr oyida fintech Turkiya elektron tijorat bozoriga kirib keldi.

Kompaniya O‘zbekiston bozoriga kirishni ham ko‘rib chiqdi. “Bizni Osiyo bozorlari qiziqtiradi. O‘zbekiston — Qozog‘iston bilan chegarasi bo‘lgan katta bozor — biz uchun ham jozibador”, — degandi Lomtadze.

2024-yilning avgust oyida Kaspi Humo to‘lov tizimini sotib olishga qiziqish bildirdi. Ekspertlar buni “global fintex hamjamiyatining muhim kelishuvi” bo‘lishini qayd etgandi. Biroq, noyabr oyiga kelib, kompaniya xususiylashtirish jarayonida ishtirok etmaslikka qaror qildi.