Avvalroq hukumat huzuridagi Atom energiyasi agentligi (O‘zatom) direktori Azim Axmedxo‘jayev Alter Ego Youtube kanaliga bergan intervyusida Jizzax viloyatida kichik quvvatli atom elektr stansiyasi (KQAES) qurilishi tafsilotlari haqida so‘zlab bergani haqida xabar berilgandi.
Unda “Nima uchun O‘zatom kichik AES qurilishi qiymatini e’lon qilmayapti”, degan savolga Ahmedxo‘jayev doimiy ravishda pasayib borayotgan “indikatsion qiymat” mavjudligini, shuning uchun yakuniy qiymat yo‘qligini aytdi.
Loyihaning amalga oshirilishi ustidan prezident tomonidan “qat'iy nazorat” o‘rnatilgan, qurilish esa Open book (“ochiq kitob”) konsepsiyasi asosida amalga oshirilmoqda, bu bosh pudratchi tomonidan uskunalarni ishlab chiqarish uchun sarflanadigan mablag‘larni monitoring qilish imkonini beradi.
Kichik AES loyihasini optimallashtirishga hozirda ishlab chiqaruvchilari bilan muzokaralar olib borilayotgan Xitoy turbinalaridan foydalanish hisobiga erishish rejalashtirilgan. Loyiha uchun Yevropa kompaniyalari litsenziyasi asosida ishlab chiqarilgan elektr jihozlari ham Xitoydan sotib olinadi, bu Yevropada to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olishdan ko‘ra “ancha samaraliroq” va arzonroq, dedi O‘zatom rahbari.
“Biz doimiy optimallashtirish ustida ishlayapmiz. Bizda samarali ziddiyat jarayoni mavjud, ya’ni biz [kichik AES loyihasini optimallashtirishni] muhokama qilib, unga erishish va uni talab qilish uchun bahs yuritamiz. Mutaxassislarimiz fikriga hamkorlarimizning qo‘shilishini kuzatish men uchun qiziqarli, chunki bu, shu jumladan, xarajatlarni optimallashtirishga olib keladi. Bugungi kunda biz erishgan qiymat arzonlashuvi taxminan $300 mlnni tashkil etadi. Bu umumiy qiymatdan kichik summa emas”, — dedi Axmedxo‘jayev.
Boshlovchi Kirill Altman Yoqutistondagi kichik AESning 75,4 mlrd rublga (Rossiya banki kursi bo‘yicha $890 mlndan ortiq) baholangan qiymatiga tayanib, O‘zbekistondagi kichik AESning umumiy qiymati $6 mlrdga yetishi mumkinligini taxmin qildi. Bunga javoban esa, O‘zatom rahbari “u yerda ham, yaqin atrofda ham bunday qiymat yo‘qligini” ta’kidlab, $6 mlrdga katta AES qurish mumkinligini qo‘shimcha qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi kichik atom elektr stansiyasining qiymati maqsadli ko‘rsatkich — “$2 mlrddan kam"ni tashkil etadi. Biroq Axmedxo‘jayev aniq raqamni aytishdan bosh tortdi, chunki O‘zatom “loyihadagi har bir detalning narxi ustida tinimsiz ishlamoqda”.
“Bizda pudratchi-buyurtmachi kabi munosabatlar yo‘q, bizda jamoaviy yondashuv mavjud. Sheriklarimiz bilan o‘zaro hamkorlikda ishlaymiz, chunki bu bizga bir-birimizni ko‘proq tushunish imkonini beradi. Bundan tashqari, bu muvaffaqiyatli amalga oshirilishi natijasida o‘z davomiyligiga ega bo‘ladigan referent texnologiyadir. KQAES Rosatom uchun O‘zbekistonda keng imkoniyatlarni ochmoqda”, — dedi u.
Axmedxo‘jayev “o‘nlab yillardan so‘ng” O‘zbekiston atom energetikasiga to‘liq o‘tishi mumkinligini qayd etib, buni “faqat ijobiy omil” deb bilishini qo‘shimcha qildi. Uning fikricha, bu, xususan, ko‘mir stansiyalarini to‘xtatish va havoning ifloslanish darajasini kamaytirish imkonini beradi.
O‘zbekistonda kichik AES qurilishi
Joriy yilning 27-may kuni O‘zatom va Rosatom kam quvvatli AES qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Loyiha Rossiya ishlanmasi — RITM-200N bosimli suv reaktoriga asoslangan. RITM-200N reaktorining issiqlik quvvati — 190 MVt, elektr quvvati — 55 MVt, xizmat muddati — 60 yilgacha.
Atom energiyasi agentligi matbuot xizmati Spot’ga kam quvvatli AESning birinchi reaktorini ishga tushirish besh yildan keyinga mo‘ljallanganini ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyev OAVga bergan bayonotida dunyoda deyarli barcha davlatlar energetik xavfsizlik va barqaror rivojlanishni atom energetikasi hisobiga ta’minlashini, O‘zbekiston uran zaxiralarini uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakat sifatida loyiha hayotiy ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.
Iyun oyi oxirlarida AES loyihasi bo‘yicha dastlabki ishlar boshlandi. Unda Jizzax viloyatidagi belgilangan maydonda amalga oshiriladigan birinchi qurilish shtabi joylashtirilib, rejalashtirilgan muddatda ishlarni boshlash bo‘yicha vazifalar belgilab olingandi.
Sentabr oyida O‘zatom va Rosatom o‘rtasida kam quvvatli AES qurilishi bo‘yicha ishlarni boshlash to‘g‘risida bayonnoma imzolandi. Hujjat qurilish maydonchasida tayyorlov ishlari, loyihalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish hamda litsenziyalash bosqichiga o‘tishni nazarda tutadi.
O‘zatom huzuridagi AES qurilishi direksiyasi direktori Otabek Amanov Jizzaxdagi kichik AESning yordamchi obyektlarini qurishga xalqaro kompaniyalar, xususan, turbinalar uskunalar, generatorlar va quruq gradirnyalarni yetkazib berish uchun jalb qilinishi mumkinligini qayd etdi.
Joriy yilning fevral oyida Azim Axmedxo‘jayev birinchi marta turli xorijiy tuzilmalarni jalb qilgan holda kichik AESni qurish uchun “xalqaro konsorsium” tuzish rejalari haqida ma’lum qildi. Rossiya texnologiyalari bilan bir qatorda Xitoyning yadroviy bo‘lmagan texnologiyalari, shuningdek, Yevropaning dasturiy ta’minoti va apparat komplekslarini qo‘llash rejalashtirilgan.