Avvalroq Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi (O‘zatom) direktori Azim Axmedxo‘jayev Alter Ego Youtube kanaliga bergan intervyusida Jizzax viloyatida kichik quvvatli atom elektr stansiyasi (KQAES) qurilishi tafsilotlari haqida so‘zlab bergani haqida xabar berilgandi.
Unda Axmedxo‘jayev ilk bor kichik AES loyihasini moliyalashtirish manbalarini ma’lum qildi. Xitoydan uskunalar, xususan, turbinalar va elektr jihozlarini yetkazib berishda Xitoy moliyalashtirishini imtiyozli shartlarda jalb qilish rejalashtirilgan.
“Shu bilan birga, mazkur loyihaga qiziqqan va sarmoya kiritishga tayyor investitsion kompaniyalar ham bor, ammo ular ushbu stansiya egalari qatoriga kirmaydi. Ular foyda oluvchilardir. Aslida bu [moliyalashtirishning] murakkab sxemasi”, — deya qayd etdi u.
Axmedxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, kichik AES qurilishini moliyalashtirishda davlat budjeti ham ishtirok etadi, biroq “juda kam miqdorda.” Asosiy manbalar orasida chet eldan jalb qilinadigan mablag‘lar va investitsiya kompaniyalari mavjud.
Shu bilan birga, O‘zatom Rossiya mablag‘larini “barcha geosiyosiy jarayonlarni” hisobga olgan holda “umuman” ko‘rib chiqmaydi. Bugungi kunda O‘zbekistondagi kichik AES loyihasida Rossiya mablag‘lari jalb qilinmagan. Biroq Azim Axmedxo‘jayev O‘zbekiston atom elektr stansiyasida Rossiyaga qarshi sanksiyalarning kuchaytirilishi qanday ta’sir qilishi haqidagi savolga javob bermadi. Loyihaning bosh pudratchisi bo‘lgan Rosatom’ga qarshi sanksiyalar kiritilmagan bo‘lsa-da, bu mavzu Yevropa Ittifoqida faol muhokama qilinmoqda.
“Biz budjetga yuklamani imkon qadar kamaytirishni hamda tashqi qarz hisobiga yuklama yaratmaslikni xohlaymiz. Moliyalashtirishni jalb qilish uchun davlat kafolatlari mexanizmidan foydalanishni minimallashtirmoqdamiz”, — dedi u.
Bundan tashqari, O‘zatom direktori suhbatdosh Kirill Altmanning loyiha “moliyaviy jihatdan qiyin ketayotgani” haqidagi taxminiga qo‘shilmadi. “Umuman bunday emas”, — ishonch bilan qayd etdi u.
O‘zbekistonda kichik AES qurilishi
Joriy yilning 27-may kuni O‘zatom va Rosatom kam quvvatli AES qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Loyiha Rossiya ishlanmasi — RITM-200N bosimli suv reaktoriga asoslangan. RITM-200N reaktorining issiqlik quvvati — 190 MVt, elektr quvvati — 55 MVt, xizmat muddati — 60 yilgacha.
Atom energiyasi agentligi matbuot xizmati Spot’ga kam quvvatli AESning birinchi reaktorini ishga tushirish besh yildan keyinga mo‘ljallanganini ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyev OAVga bergan bayonotida dunyoda deyarli barcha davlatlar energetik xavfsizlik va barqaror rivojlanishni atom energetikasi hisobiga ta’minlashini, O‘zbekiston uran zaxiralarini uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakat sifatida loyiha hayotiy ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.
Iyun oyi oxirlarida AES loyihasi bo‘yicha dastlabki ishlar boshlandi. Unda Jizzax viloyatidagi belgilangan maydonda amalga oshiriladigan birinchi qurilish shtabi joylashtirilib, rejalashtirilgan muddatda ishlarni boshlash bo‘yicha vazifalar belgilab olingandi.
Sentabr oyida O‘zatom va Rosatom o‘rtasida kam quvvatli AES qurilishi bo‘yicha ishlarni boshlash to‘g‘risida bayonnoma imzolandi. Hujjat qurilish maydonchasida tayyorlov ishlari, loyihalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish hamda litsenziyalash bosqichiga o‘tishni nazarda tutadi.
O‘zatom huzuridagi AES qurilishi direksiyasi direktori Otabek Amanov Jizzaxdagi kichik AESning yordamchi obyektlarini qurishga xalqaro kompaniyalar, xususan, turbinalar uskunalar, generatorlar va quruq gradirnyalarni yetkazib berish uchun jalb qilinishi mumkinligini qayd etdi.
Joriy yilning fevral oyida Azim Axmedxo‘jayev birinchi marta turli xorijiy tuzilmalarni jalb qilgan holda kichik AESni qurish uchun “xalqaro konsorsium” tuzish rejalari haqida ma’lum qildi. Rossiya texnologiyalari bilan bir qatorda Xitoyning yadroviy bo‘lmagan texnologiyalari, shuningdek, Yevropaning dasturiy ta’minoti va apparat komplekslarini qo‘llash rejalashtirilgan.