AQSh savdo vaziri Govard Latnikning ma’lum qilishicha, bor-yo‘g‘i bir kunda $5 mlnlik 1000 ta “oltin karta” sotilgan. Bu haqda Forbes nashri xabar bermoqda.

Ushbu dastur Donald Tramp Oq uyga qaytganidan ko‘p o‘tmay EB-5 vizalariga muqobil sifatida taklif etilgan. Yangi “oltin kartalar” AQShda yashashni va iqtisodiyotga sarmoya kiritishni xohlovchi badavlat chet ellik fuqarolarga mo‘ljallangan.

“Aytgancha, kecha men 1000 ta „oltin karta“ sotdim,” deya ma’lum qildi Latnik All-In podkastida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab taxminan 37 mlnn kishi bunday vizani olish imkoniyatiga ega. Tramp esa kelajakda AQSh bir million kartani sota olishiga ishonch bildirmoqda.

Kartalarning har biri doimiy yashash huquqini beradi, biroq fuqarolikni majburiy ravishda olishni talab etmaydi.

“Agar men chet ellik bo‘lganimda, o‘zimga, xotinim va farzandlarimga bunday kartalarni sotib olardim”, deya qo‘shimcha qildi vazir.

Shunday qilib, bir kun ichida xazinaga $5 mlrd kelib tushdi. Mablag‘lar allaqachon 36,2 trlnga yetgan AQSh davlat qarzini qisqartirishga yo‘naltiriladi.

Dastur to‘liq quvvat bilan muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, davlat $5 trlngacha mablag‘ olishi mumkin.

Ariza beruvchilarni tekshirish jarayonini tezlashtirish maqsadida Ilon Mask jamoasi raqamli platforma yaratmoqda.

Latnikning aytishicha, bu platforma ikki hafta ichida ishga tushadi va “hukumat qilgan tekshiruvlardan ham yaxshiroq natija berib, atigi bir soniyada tekshiruvni amalga oshiradi”.

Tramp ilgari tushuntirib o‘tganidek, dastur soliq to‘lashga va ish o‘rinlari yaratishga tayyor bo‘lgan “boy va muvaffaqiyatli” kishilar uchun mo‘ljallangan ekan.

1990-yilda joriy etilgan oldingi EB-5 vizasi taxminan $1 mln mablag‘ kiritish va 10 ta ish o‘rni yaratish evaziga yashil karta olish imkoniyatini berardi.

AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yil 1-oktyabrdan 2022-yil 30-sentabrgacha bo‘lgan bir yillik davrda 4 mingga yaqin kishi investitsiya vizalarini olgan, deyarli shuncha odam ularni uzaytirgan.


Avvalroq AQSh migrantlar uchun o‘z-o‘zini deportatsiya qilishga mo‘ljallangan ilovani ishga tushirgani haiqda yozgandi.

Bu xorijliklarga kelajakda qonuniy ravishda mamlakatga qaytish imkoniyatini beradi. Aks holda, ular qayta kirish huquqisiz deportatsiya qilinadi.