Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi (O‘zatom) direktori Azim Axmedxo‘jayev Alter Ego Youtube kanaliga bergan intervyusida Jizzax viloyatida kichik quvvatli atom elektr stansiyasi (KQAES) qurilishi tafsilotlari haqida so‘zlab berdi.
“Bugungi kunda biz grafikdan oldinda ketyapmiz. Hozirda sheriklarimiz (ulardan biri Rosatom — Spot izohi) bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikning bunday darajasini, ochig‘i, kamdan-kam joyda ko‘raman”, — dedi O‘zatom rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ro‘yxati keltirilmagan hamkorlar “ma'lum darajada” yon bermoqda, shuningdek, boshqa mamlakatlarda amalga oshirilayotgan stansiyalar bo‘yicha o‘z rejalarini O‘zbekiston foydasiga qayta ko‘rib chiqmoqda. Bu O‘zbekistonga nisbatan “muayyan ishonch darajasi” mavjudligini ko‘rsatadi, deya ta’kidladi u.
Axmedxo‘jayevning qo‘shimcha qilishicha, kichik atom elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirishda Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) mutaxassislari yordam beradi, ular jarayonni kuzatib boradi va o‘z tavsiyalarini taqdim etadi.
“Atom stansiyasi qurilishi juda ko‘p jihatlarni o‘ziga jalb qiladi. Bu shunchaki qandaydir parrandachilik fabrikasini qurish emas. Qurilishning har bir bosqichi turli darajalarda va turli tashkilotlar tomonidan kuzatiladigan yuqori texnologiyali atom stansiyasi. Butun jarayonda MAGATE yetakchi tashkilot hisoblanadi”, — dedi u.
O‘zatom direktori mamlakat hozirda xavfsizlik va standartlar bo‘yicha konvensiyalarga qo‘shilayotganini ma’lum qildi. O‘zbekiston MAGATEning barcha bosqichlarda ishtirok etishidan manfaatdor, bu ularning mutaxassislarining ijobiy xulosasini olishni nazarda tutadi, deya xulosa qildi Axmedxo‘jayev.
Bundan tashqari, u kichik AES qurilishini boshlash — birinchi betonni quyish, jadvalga muvofiq, 2026-yilning ikkinchi choragiga (aprel-iyun) rejalashtirilganini ma’lum qildi.
O‘zbekistonda kichik AES qurilishi
Joriy yilning 27-may kuni O‘zatom va Rosatom kam quvvatli AES qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Loyiha Rossiya ishlanmasi — RITM-200N bosimli suv reaktoriga asoslangan. RITM-200N reaktorining issiqlik quvvati — 190 MVt, elektr quvvati — 55 MVt, xizmat muddati — 60 yilgacha.
Atom energiyasi agentligi matbuot xizmati Spot’ga kam quvvatli AESning birinchi reaktorini ishga tushirish besh yildan keyinga mo‘ljallanganini ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyev OAVga bergan bayonotida dunyoda deyarli barcha davlatlar energetik xavfsizlik va barqaror rivojlanishni atom energetikasi hisobiga ta’minlashini, O‘zbekiston uran zaxiralarini uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakat sifatida loyiha hayotiy ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.
Iyun oyi oxirlarida AES loyihasi bo‘yicha dastlabki ishlar boshlandi. Unda Jizzax viloyatidagi belgilangan maydonda amalga oshiriladigan birinchi qurilish shtabi joylashtirilib, rejalashtirilgan muddatda ishlarni boshlash bo‘yicha vazifalar belgilab olingandi.
Sentabr oyida O‘zatom va Rosatom o‘rtasida kam quvvatli AES qurilishi bo‘yicha ishlarni boshlash to‘g‘risida bayonnoma imzolandi. Hujjat qurilish maydonchasida tayyorlov ishlari, loyihalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish hamda litsenziyalash bosqichiga o‘tishni nazarda tutadi.
O‘zatom huzuridagi AES qurilishi direksiyasi direktori Otabek Amanov Jizzaxdagi kichik AESning yordamchi obyektlarini qurishga xalqaro kompaniyalar, xususan, turbinalar uskunalar, generatorlar va quruq gradirnyalarni yetkazib berish uchun jalb qilinishi mumkinligini qayd etdi.
Joriy yilning fevral oyida Azim Axmedxo‘jayev birinchi marta turli xorijiy tuzilmalarni jalb qilgan holda kichik AESni qurish uchun “xalqaro konsorsium” tuzish rejalari haqida ma’lum qildi. Rossiya texnologiyalari bilan bir qatorda Xitoyning yadroviy bo‘lmagan texnologiyalari, shuningdek, Yevropaning dasturiy ta’minoti va apparat komplekslarini qo‘llash rejalashtirilgan.