Xitoylik investorlar ishtirokida Samarqand viloyatida yangi sanoat parkini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Qosimov Xinjiang New Vision Investment Development Company boshqaruvi raisi Van Chjiyong va Envision Energy kompaniyasi rahbari Chjan Xuan bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuvda Samarqand viloyatida 300 gektar maydonda yirik ilmiy-texnologik sanoat parki barpo etish loyihasi muhokama qilindi.

Ushbu park doirasida ilmiy-tadqiqot va logistika zonalarini tashkil etish, shuningdek, turli sohalarda 12 ta yirik investisiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Vazirlikning kutishicha, tashabbusning amalga oshirilishi yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish imkonini beradi.

Yangi majmua nafaqat O‘zbekiston-Xitoy investitsion hamkorligini kengaytiradi, balki innovatsiyalar almashinuvini ham tezlashtiradi.


Avvalroq Spot Toshkent viloyatida to‘qimachilik sanoati texnoparki barpo etilayotgani haqida yozgandi.

Qiymati $350 mlnlik loyihani to‘liq amalga oshirish va yakunlash ishlari 2025-yil to‘rtinchi choragiga mo‘ljallangan.