Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov turli sohalar tadbirkorlari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, ularning muammo va takliflarini o‘rganib chiqdi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Muloqot davomida mebel sanoati vakillari moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surdilar.

Xususan, 5 yillik imtiyozli kreditlar ajratish, shuningdek, davlat xaridlarida mahalliy biznesning ishtirok etishi uchun talablarni soddalashtirish taklif etildi.

Bundan tashqari, tadbirkorlar eksportni ko‘paytirish maqsadida Markaziy Osiyo mamlakatlarida ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma zallarini ochish zarurligini ta’kidladilar.

Shu bilan birga, biznes vakillari mahalliy kadrlarni tayyorlash uchun xorijiy mutaxassislarni jalb etishga qiziqish bildirmoqda, bunda ularning ish haqining bir qismi qoplanishi nazarda tutilmoqda.

Yana bir g‘oya — bo‘sh maydonlarga ega bo‘lgan 600 dan ortiq kollejda mebel ishlab chiqarish sexlarini joylashtirish. Bu o‘quvchilarga o‘qish joyiga yaqin hududda amaliy tajriba orttirish va qo‘shimcha daromad olish imkoniyatini yaratadi.

Ikkinchi uchrashuv hunarmandchilik sohasi vakillari bilan o‘tkazildi. Ular sohani moliyalashtirish, xom ashyo bilan ta’minlash, shuningdek, maktablarda maxsus darslar o‘tkazish orqali xalq hunarmandchiligini ommalashtirish bo‘yicha tavsiyalarini berishdi.

Hunarmandlarni tadbirkorlikning alohida toifasiga ajratish hamda ularni qonuniylashtirish maqsadida soliq keshbekini joriy etish taklifi ilgari surildi. Mahsulotlarga patent rasmiylashtirish jarayonida yordam ko‘rsatish zarurligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, Erondan import qilinadigan tabiiy bo‘yoqlarni bojxona to‘lovlaridan ozod etish takliflari ham bildirildi. Hunarmandlar xalqaro bozorlarga chiqish uchun moliyaviy yordam so‘rashdi.


Avvalroq Spot Human House galereyasi egasi kreativ iqtisodiyot uchun soliq rejimini yumshatishni so‘ragani haqida yozgandi.

Lola Sayfi Saida Mirziyoyevaga murojaat qilib, QQS to‘lashga o‘tish majburiyati o‘z biznesini yopishga olib kelishi mumkinligini bildirdi.