Shavkat Mirziyoyev 24-mart kuni chiqindilarni qayta ishlab, elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha qarorlarni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Qarorlarga ko‘ra, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent viloyatlarida chiqindi yoqish zavodlari qurilishi rejalashtirilgan.

Mazkur hududlarda ekologik vaziyatni yaxshilash, chiqindilarni qayta ishlash sohasiga zamonaviy yechimlar va texnologiyalarni joriy etish orqali elektr energiyasi ishlab chiqariladi hamda sohaga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jalb etiladi.

Xitoy, Janubiy Koreya va Saudiya Arabistonlik investorlar O‘zbekiston hududida loyiha kompaniyalarini tashkil etib, ushbu loyihalarni amalga oshirmoqdalar. Ular “O‘zenergosotish” davlat korxonasi bilan 30 yil davomida elektr energiyasini yetkazib berish to‘g‘risida shartnomalar imzolashgan.

Investor va loyiha kompaniyalari 2025−2027-yillarda quyidagi miqdordagi ishlab chiqarish quvvatiga ega uskunalarni ishga tushirishni ta’minlaydi, jumladan:

  • Toshkent viloyatida kuniga 2,5 ming tonna chiqindilarni termik usulda qayta ishlash orqali 390 mln kVt elektr energiyasi;
  • Andijon, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida kuniga 1,5 ming tonna chiqindilarni termik qayta ishlab, 240 mln kVt elektr energiyasi;
  • Namangan va Farg‘ona viloyatida 1,5 ming tonna chiqindilarni termik usulda qayta ishlash orqali 227,5 mln kVt elektr energiyasi.

Prezident 2024-yil oktabrda ushbu korxonalar loyihalari bilan tanishdi. Loyihalarni Xitoyning China CAMC Engineering, Shanghai SUS Environment va China Everbright Group kompaniyalari amalga oshiradi.

O‘sha vaqtda Jizzax viloyatida qurilishi rejalashtirilgan, yiliga 547,5 ming tonna chiqindini qayta ishlash quvvatiga ega zavod loyihasi ham taqdim qilingandi. Bu zavodni Chengdu Environmental Group kompaniyasi barpo etadi. Buxoro viloyatida esa yana bir korxonani BAAning Tadweer Group kompaniyasi tashkil etadi.


Avvalroq Spot chiqindidan qarzdorlarga elektr energiyasi uchun to‘lovlar cheklanishi haqida yozgandi.

Iste’molchilarga oldindan qarzdorlik haqida SMS-xabarnoma yuboriladi va cheklov kuchga kirgunga qadar qarzni to‘lash uchun 5 kun muhlat beriladi.