Yuliya Zatulovskaya kichkinaligidan chizmalarga qiziqib katta bo‘lgan. Biroq, ta’limini raqamli texnologiyalar bilan davom ettirishni istagan qizaloq texnologiyalar va ijodiy mehnat qorishmasi unga muvaffaqiyat olib kelishiga ishongan.

Uning biznesdagi yo‘li veb-dizayn va saytlar yaratishdan boshlanib, 2017-yil o‘z marketing agentligi — Golden Minds'ni tashkil etishga olib keldi. Xodimlarni ishga olish, mijozlarni topish va dizaynning ahamiyatini tushuntirish kabi qiyinchiliklarni yengib o‘tgach, u o‘z agentligini kengaytirdi, Amerika mijozlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi va Toshkent gerbi loyihasini yaratish tanlovida g‘alaba qozondi.

AQShga ko‘chib o‘tish yangi bosqich bo‘ldi: agentlik faoliyatini qayta tashkil etish va mahalliy bozorga moslashishga to‘g‘ri keldi. Zatulovskaya Spot’ga agentlikning qanday tashkil topgani, biznesda ayollar duch kelishi mumkin bo‘lgan muammolar hamda nega Amerikaga ko‘chib ketgani haqida gapirib berdi.


Frilansdan biznesga

Bolaligimdan rasm chizishni yaxshi ko‘rardim, hatto besh yoshimdayoq bolalar bog‘chasida shaxsiy ko‘rgazmalarim o‘tkazilardi. Ammo kasb tanlash vaqti kelganda, badiiy ta’lim emas, balki texnika fakultetini tanladim. Texnologiyalar kelajak ekanligini, O‘zbekistonda esa faqat rasm chizish bilan kun ko‘rib bo‘lmasligini tushunardim.

Ikkinchi kursda veb-dizayn bilan tanishganimda, bu sohada o‘z ijodiy qobiliyatlarimni namoyon eta olishimni tushundim. Saytlar, logotiplar va firma uslubini yaratish menga juda yoqardi. Asta-sekin tayyor tizimlardan foydalanib veb-saytlar ishlab chiqishga o‘tdim. Frontend-dasturlash men uchun dasturlashdan ko‘ra ko‘proq vizual bezashning ijodiy jarayoni bo‘lib chiqdi.

Vaqt o‘tib, 2017-yil hamkorlikda Golden Minds’ni ochdim. O‘zim bilgan narsalar — brending va veb-saytlar yaratishdan boshladim. Keyin trendlarni kuzatib, SMM xizmatini qo‘shdik. Yangi yo‘nalishlarni agentlik faoliyatiga kiritishdan oldin, ularni har doim chuqur o‘rganardim.

Golden Minds barqarorlik va keng ko‘lamlilik istagidan paydo bo‘lgan. Frilanser sifatida men yirik brendlar bilan ishlash va rivojlanish imkoniyatim cheklanganini tushunardim. Biznes — bu jamoa, hamjamiyat va o‘sish degani.

Bu men uchun shunchaki ish emas, balki o‘zimni ifoda etish va maqsadlarimni ro‘yobga chiqarish vositasiga aylandi. Men turli mamlakatlar va yo‘nalishlardagi mutaxassislarni birlashtiradigan platforma yaratishni xohlardim.

Agentlikni ochishda dastlabki sarmoya $5000 ni tashkil etdi — sherigim bilan ofis, jihozlar va reklamaga mablag‘ sarfladik, shuningdek, dastlabki uch nafar mutaxassisni ishga oldik.

Bugungi kunda bizda 42 nafar xodim faoliyat yuritib, har oyda o‘rtacha 20 ta mijozga xizmat ko‘rsatilmoqda. Agentlik ish boshlagan paytdan buyon uning aylanma kapitali 3 mlrd so‘mdan ham oshdi.

golden minds, marketing agentligi, yuliya zatulovskaya

Foto: Yuliya Zatulovskayaning shaxsiy arxividan

Dastlabki chaqiriqlar

Yollanma xodim sifatida ishlaganimda, g‘oyalarim va qarashlarim tushunilmasa, o‘zimni noqulay his qilishimni angladim. Shuning uchun frilansga o‘tdim. U yerda mijozlar bilan shaxsan muloqot qilar, qarorlar qabul qilar va loyihalarni amalga oshirardim.

Biroq, bu yerda yangi qiyinchiliklar yuzaga keldi: o‘z xizmatlarini sotish mahorati va mijozlar bilan to‘g‘ri munosabat o‘rnatish ko‘nikmasi.

Ammo qisqa vaqt ichida mijozlar bilan mustaqil muloqot qilish hamda loyihalarni amalga oshirishda o‘zimni ancha qulay his qilishimni tushundim. Frilanserlik o‘z xizmatlarini sota bilish, mijozlar bilan to‘g‘ri munosabat o‘rnatish kabi yangi ko‘nikmalarni, bu esa, o‘z navbatida, tinimisiz o‘z ustimda ishlashni talab qilardi.

Keyin yana bir murakkab bosqich boshlandi — ishning qiymatini tushuntirish. Ilgari ko‘pchilik logotip yaratishning nima keragi borligini tushunmasdi. Internetdan biror rasmni olib, ozgina o‘zgartirish yetarli deb o‘ylashardi. Jarayonga yengil-yelpi qarashardi. Vaqt o‘tishi bilan bu munosabat o‘zgardi va endi mavjud narsani qayta ishlash emas, balki chindan ham original narsa yaratishning muhimligini tushuntirib o‘tirish shart bo‘lmay qoldi.

Hal qiluvchi buyurtma

Karyeradagi burilish nuqtasi AQShda dizayn studiyasiga ega Sergey Krasnovning buyurtmasi bo‘ldi. Amerikalik mijozlar bilan ishlash menga xalqaro bozor haqida tushuncha berib, ko‘nikmalarimni rivojlantirish hamda yangi sharoitlarda faoliyat yuritish imkoniyatini yaratdi. Vaqt o‘tishi bilan chet ellik buyurtmachilar soni ortib bordi. Bu bozorda mutaxassis sifatidagi o‘rnimni mustahkamladi.

Muvaffaqiyatli loyihalarimiz qatoriga kengayib Fransiyaning “Bi1” chakana savdo tarmog‘i uchun mahsulot liniyasini yaratish, Transport vazirligi uchun kommunikatsiya strategiyasini ishlab chiqish, shuningdek, “Gidroproyekt"ning 90 yilligiga bag‘ishlangan marketing yangilanishi qo‘shildi.

2018-yilda Toshkent gerbini ishlab chiqish bo‘yicha tanlovda g‘olib bo‘lganim (“gerb konsepsiyasi” yakunda qabul qilinmagan — Spot izohi) va TechWomen dasturida ishtirok etganim muhim yutuqlarim qatoriga kiradi. LinkedIn’da amaliyot o‘tadim, eng yirik ijtimoiy tarmoq qanday ishlashini ichkaridan kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldim.

AQShga moslashish va yangi muammolar

Ma’lum muddatdan so‘ng, 2024-yil boshida shaxsiy sabablar tufayli Amerikaga ko‘chib o‘tdim. Avvallari O‘zbekistondan ko‘chib ketish hayolimga ham kelmasdi, lekin men ketishimga sabab bo‘lgan insonni uchratgandim.

Bu biznesda o‘z aksini topdi — jarayonlarni qayta qurish, jamoani masofadan boshqarishni o‘rganishga to‘g‘ri keldi. Soat 11 dagi vaqt farqi ishni qiyinlashtirdi — agentlikda vaqt farqiga moslashish hamda yangi boshqaruv jarayonlarini yo‘lga qo‘yishga to‘g‘ri keldi. Lekin vaqt o‘tishi bilan hamma narsa yaxshilandi.

Amerika barcha jabhada: madaniyatda, biznes jarayonlarida, marketingda boshqacha bo‘lib chiqdi. Bu yerda estetika emas, amaliylik qadrlanadi. O‘zbekistonlik mijozlar dizaynga ko‘proq e’tibor berishadi, amerikaliklar esa soddalik va qulaylikni xohlashadi. Bozorda raqobat kuchli, xizmat narxlari ko‘pincha kutilganidan past bo‘ladi.

Ko‘chib o‘tganimdan so‘ng, operatsion jarayonlarda kamroq ishtirok etdim, e’tiborimni strategiyaga qaratdim. Dastlabki paytlarda jamoa ishiga aralashmaslik qiyin bo‘ldi, lekin vaqt o‘tishi bilan ularning uddasidan chiqayotganini ko‘rdim.

Ba’zilar nega biznesni sotmasligimni so‘rashdi, lekin men sota olmayman — Golden Minds men uchun shunchaki kompaniya emas. Bu mening, hayot yo‘limning bir qismi.

Biznesda aniq tuzilmaga ega bo‘lish shart

Yuqorida tadbirkorligim rivojlanishini bosqichma-bosqich tushuntirib berdim. Biroq bu jarayonda xatolarga ham yo‘l qo‘yganman, ulardan biri sheriklikdagi tajribaning muvaffaqiyatsizligi bo‘lgan. Birinchi yil zarar ko‘rgan paytimizda hamkorimiz agentlikni tark etgan.

Men esa kompaniyaning zarardan mustaqil ravishda qutqarishimga to‘g‘ri kelgan. Bu vaziyatdan o‘zim uchun xulosa chiqarganman — biznes jarayonlarida aniq tuzilmaga ega bo‘lish shart.

Tadbirkorlik faoliyatimdagi yana bir muhim saboq xodimlar bilan bog‘liq muammolar biznesga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi bo‘lgan. Yuqori motivatsiyaga ega xodimlar biznes muvaffaqiyatining kaliti ekanligini, shuningdek, “No slow death” tamoyilining muhimligini tushunib yetdim. Bu jarayonda past darajadagi ish yoki samarasiz hamkorlikka toqat qilib bo‘lmasligini angladim.

golden minds, marketing agentligi, yuliya zatulovskaya

Foto: shaxsiy arxiv

Biznesda faqat ayol bo‘lganim uchun nohaq munosabat, malakamga shubha bilan qarashlariga duch kelganman. Bunga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarshi kurashish o‘rniga, o‘z professionalligimni ish natijalari orqali isbotlashni ma’qul ko‘radigan bo‘ldim.

Tadbirkorlikda gender tengligi masalasiga falsafiy nuqtai nazardan yondashaman. Ayollar ko‘pincha biznesni hissiy qabul qilib, unda o‘z shaxsiyatlarining bir qismini ko‘radilar. Aynan shuning uchun ham tadbirkorlikda o‘z manfaatlarimizni qurbon qilmasdan, karyera va shaxsiy hayot o‘rtasidagi muvozanatni saqlash muhim.

Tadbirkorlikni endi boshlaganlar yo‘l qo‘yayotgan xatolarga to‘xtaladigan bo‘lsak. Ularning eng katta xatolaridan biri qo‘shimcha daromad manbaiga e’tibor bermasligidir. Biznes resurslarni talab qilib, boshida foyda keltirmasligiga tayyor turish muhim. Shuningdek, tadbirkorlik tizim ekanligini anglamasdan operatsion jarayonlarga sho‘ng‘ib ketish charchashga olib keladi. Natijada, kompaniyaning o‘sishini sekinlashadi.

Maslahatlar

Reklama sohasidagi muvaffaqiyat nafaqat texnik ko‘nikmalarga, balki “soft skills” ham bog‘liq, deb o‘ylayman. Eng muhimi, to‘g‘ri muloqot qila olish, ijodiy fikrlashni rivojlantirish hamda keng dunyoqarashga ega bo‘lish. Shu bilan bir qatorda bozorda talab yuqori bo‘ladigan yangi g‘oyalarni yaratish qobiliyati ham juda muhim hisoblanadi.

Sohaga endi kirib kelayotgan mutaxassislarga tavsiya etadigan kitoblar orasida Richard Kochning “80/20 tamoyili”, Jim Kollinsning “Yaxshidan buyukka” va Aleksandr Ostervalderning “Biznes modellarini shakllantirish” asarlarini alohida ta’kidlab o‘tishim mumkin.

Rejalar. Mening hikoyam — maqsadga intilish, qat’iyatlilik va o‘z ishiga bo‘lgan muhabbat har qanday qiyinchilikni yengib o‘tib, xalqaro miqyosda muvaffaqiyatga erishishga yordam berishining yaqqol misoli.

Kelgusida agentlikni rivojlantirish, AQShda yangi mijozlar topish orqali bozorga moslashishni rejalashtirganman. Bundan tashqari, jamoani kengaytirib, yirik xalqaro brendlar bilan hamkorlik qilish hamda raqamli marketingning yangi strategiyalarini joriy etishni maqsad qilganman.