Germaniyaning Mercedes-Benz kompaniyasi xodimlarga ixtiyoriy ravishda ishdan bo‘shashi uchun 500 ming yevrogacha to‘lov taklif qilmoqda, deya xabar berdi IXBT nashri.
Kompaniya 2027-yilgacha 5 mlrd yevro tejashni maqsad qilgan. Rahbariyat majburiy qisqartirishlar o‘rniga, xodimlarni o‘z lavozimlarini tark etishga undash uchun moliyaviy rag‘batlantirish strategiyasini tanladi.
Dastur asosan ma’muriy xodimlarga qaratilgan bo‘lib, to‘lovlar miqdori xodimning ish staji va maoshiga bog‘liq.
Kompaniyaning uzoq yillik xodimlari 500 ming yevrogacha bo‘lgan eng yuqori miqdordagi tovon pulini olishlari mumkin.
Misol uchun, 30 yillik ish stajiga ega bo‘lgan va oylik maoshi 9 ming yevro bo‘lgan 55 yoshli bo‘lim boshlig‘i o‘z xohishi bilan ishdan bo‘shashga rozi bo‘lsa, ana shunday miqdordagi mablag‘ni qo‘lga kiritadi.
20 yillik ish staji va 7,5 ming yevro maoshga ega 45 yoshli menejer 300 ming yevroga, 6 ming yevro daromadga ega 30 yoshli xodim esa 100 ming yevroga umid qilishi mumkin.
Dastur bevosita ishlab chiqarishda band bo‘lmagan 30 mingga yaqin kishini qamrab oladi. Yakka tartibdagi takliflar yaqin haftalarda kelib tushadi, qaror esa 2025-yil 31-iyulgacha qabul qilinishi kerak.
Kompaniya vakillari barcha qarorlar ixtiyoriy bo‘lishini ta’kidladilar. Agar xodim ishdan ketishni istamasa, uni majburan bo‘shatishmaydi.
Bundan tashqari, Mercedes muhim lavozimni egallagan xodimni, hatto o‘zi rozi bo‘lsa ham, qo‘yib yubormaslik huquqini o‘zida saqlab qoladi va zarur hollarda bitimni qayta ko‘rib chiqishi mumkin.
Avtomobil ishlab chiqaruvchisi bunday qadamga borishga majbur bo‘ldi, chunki kasaba uyushmasi bilan tuzilgan kelishuvga ko‘ra, ma’muriy xodimlar 2034-yilgacha qisqartirishlardan himoyalangan.
Shunga qaramay, avtogigant xarajatlarni va ortiqcha xodimlar sonini kamaytirishi zarur. Shu sababli, rahbariyat menejerlar o‘z ixtiyori bilan ishdan ketishlari uchun qulay sharoit yaratishga qaror qildi.
Avvalroq Spot AQSh Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlariga $25 ming evaziga ishdan bo‘shashni taklif qilgani haqida yozgandi.
Tibbiyot xodimlarini qisqartirish prezident Donald Trampning davlat budjeti xarajatlarini qisqartirishga qaratilgan dasturining bir qismidir.