Joriy yil yakunigacha Sariosiyo va Zarafshon aeroportlarini ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu haqda 20-mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxo‘jayev ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Gazeta.uz muxbiri.

Umarxo‘jayev Uzbekistan Airports sobiq rahbari Ra’no Jo‘rayeva tomonidan taklif etilgan Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlari uchun yagona xalqaro aeroport yaratish loyihasi haqidagi savolga javob berar ekan, Qamchiq dovoni orqali Toshkent bilan faqat bitta avtomobil yo‘li bog‘laydigan Farg‘ona vodiysining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olishga chaqirdi.

“[Taklif] U yerda bitta aeroportni saqlash strategiya va xavfsizlik nuqtai nazaridan eng ma’qul variant emas — bu birinchi masala. Ikkinchidan, har bir viloyatda o‘rtacha 3−4 mln aholi istiqomat qilgani sababli, o‘z aeroportiga ehtiyoj mavjud. Bundan tashqari, hozirgi kunda [Farg‘ona] vodiyga Turkiya, Xitoy va Rossiya tomonidan juda katta miqdorda sarmoyalar kirib kelmoqda. Investorlar va sayyohlar uchun markazda yagona aeroport mavjudligi va 100−150 kilometr masofada harakatlanish noqulaylik tug‘diradi. Bizning strategiyamiz — uchta viloyatda uchta to‘laqonli xalqaro aeroportga ega bo‘lishdir,” — deya ta’kidladi Uzbekistan Airports rahbari.

Bundan tashqari, u Uzbekistan Airways bilan hamkorlikda Qo‘qon shahrida aeroport ochilishiga misol keltirib, bu tadbirkorlik faoliyati va turizmning rivojlanishi bilan izohlanishini ta’kidladi.

Uzbekistan Airports rahbari aholining aviaharakatchanligini oshirish maqsadini ta’kidlab, Zomin va Shahrisabz aeroportlari ochilishini ham tilga oldi.

Shahrisabz aeroportining 13-martdan vaqtinchalik yopilishi L-410 turidagi qisqa masofali samolyotlarni qabul qilishga mo‘ljallangan uchish-qo‘nish yo‘lagining qayta qurilishi bilan bog‘liq. Aeroportning ta’mirlashdan keyingi ochilishi 25-martga belgilangan bo‘lib, shundan so‘ng havo bandargohida ATR 72 turidagi o‘rta masofali samolyotlarni qabul qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.

“Yozgacha Sariosiyo aeroportini va [joriy] yil oxirigacha Zarafshon aeroportini ochishni rejalashtirmoqdamiz. Barcha hududlarda infratuzilmani rivojlantirishga ehtiyoj mavjud. Shu bois, prezident tomonidan aviatsiya sohasidagi siyosat belgilandi, strategiya tasdiqlandi. Biz esa, o‘z navbatida, aholi va tashrif buyurayotgan sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida hududiy aeroportlar sonini ko‘paytirishga harakat qilamiz”, deya ta’kidladi Umarxo‘jayev.

2023-yil noyabr oyida Shavkat Mirziyoyev Sariosiyo aeroportida 2024-yildan fuqarolik reyslarini qabul qilishni qayta tiklash bo‘yicha topshiriq bergan edi. O‘tgan yilning yanvar oyida Uzbekistan Airways Sariosiyo aeroportiga birinchi sinov parvozini amalga oshirdi.

2024-yilning kuzida prezident 1980-yillarda qurilgan, ammo hozirda foydalanilmayotgan Zarafshon aeroportini qayta ochish tashabbusini ilgari surdi.


Avvalroq Spot Toshkent aeroportida yangi yuk terminali ochilgani haqida yozgandi.

Terminalning o‘tkazish quvvati yiliga 120 ming tonnani tashkil etadi. Majmua uch qavatli bino, omborxona va avtoturargohni o‘z ichiga oladi.