2024-yilda Raqobat qo‘mitasi tomonidan birja savdolarini o‘tkazish tartibini buzish bilan bog‘liq 165 ta holat aniqlangan. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Nazorat qiluvchi organ 156 ta xo‘jalik yurituvchi subyektga, shu jumladan yirik xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan ish qo‘zg‘atgan. 94 ta kompaniyaga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, har uchinchi holatda narxlarni oshirish bilan bog‘liq tovar yetkazib berishdagi manipulyatsiyalar haqida so‘z borgan. Korxonalarga asossiz olingan 77,7 mlrd so‘m daromadni qaytarish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Xususan, idora “Bekobodsement” kompaniyasiga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 29-moddasi hamda monopol va yuqori likvidli mahsulotlarni sotish to‘g‘risidagi nizomni buzganlik uchun ish qo‘zg‘atdi. Bunga birjani aylanib o‘tib, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha sement sotish sabab bo‘lgan.

Qo‘mita Buxoro neftni qayta ishlash zavodining narxlarni sun’iy ravishda o‘zgartirish holatlari bo‘yicha ham e’tiborini qaratdi. Asossiz daromad olganligi uchun javobgarlikka tortilgan yana bir kompaniya GTL Gaz gaz taqsimlovchisi bo‘ldi.

Dekabr oyi oxirida “O‘zbekneftgaz” Buxoro neftni qayta ishlash zavodining barcha neft mahsulotlari faqat tovar-xomashyo birjasi (O‘zRTXB) tizimi orqali sotilishini ma’lum qilgandi.

Qayd etilishicha, qaror erkin raqobatni ta’minlash va fuqarolarning benzinga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga qaratilgan.