Telegramda foydalanuvchilar reklamani ko‘radigan yana bir joy paydo bo‘ladi. Bu haqda Hi-Tech.mail nashri xabar berdi.

Messenjer ishlab chiquvchilari uni qidiruv tizimiga — odamlar kontaktlar va yangi kanallarni qidiradigan joyga joriy etishni rejalashtirmoqda.

Telegramning Android uchun beta-versiyasida (11.9-versiya) reklamalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri qidiruv natijalarida ko‘rsatilishiga ishora topildi.

U foydalanuvchining shaxsiy ma’lumotlariga emas, balki aynan nimani topishga harakat qilayotganiga qarab paydo bo‘lishi mumkin.

Masalan, foydalanuvchi “A” kanalini qidirganda, qidiruv natijalarida birinchi o‘rinda “B” kanali ko‘rsatiladi, chunki “B” kanalining egalari Telegramga reklama uchun haq to‘lagan.

Qayd etilishicham qidiruv natijalarida bunday kanallar “Homiylik qilingan” degan belgi bilan namoyish etiladi.

O‘z kanalini targ‘ib qilishni xohlovchilarga buni Telegram reklama platformasi orqali amalga oshirish taklif etiladi. Albatta, bu bepul xizmat emas.

Premium obunaga ega foydalanuvchilar bunday kanallarni ko‘rmaydilar. Qidiruv jarayoni ular uchun o‘zgarmaydi.

Hozircha bu yangilik sinovdan o‘tkazilmoqda. Biroq, uning joriy etilishi juda ehtimolga yaqin deb baholanmoqda.

Ayni paytda Telegramdagi reklamalar faqat kanallarning pastki qismida va postlar orasida ko‘rsatiladi.

2025-yil mart oyida Pavel Durov Telegram auditoriyasi 1 mlrd foydalanuvchi chegarasidan oshganini ma’lum qildi.

2024-yil dekabr oyida Durov Telegram birinchi marta daromadli bo‘lganini aytdi. Messenjerning o‘tgan yilgi daromadi kriptovalyutadan tashqari $1 mlrddan ortiqni tashkil etdi.


Avvalroq Spot Telegram qoidalarni buzgan akkauntlarni muzlatishni boshlashi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, yangi funksiyaga ko‘ra, agar foydalanuvchi messenjer qoidalarini buzsa, uning akkaunti “Faqat o‘qish” rejimiga o‘tkaziladi.