Prezidentning kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2025-yilda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi.
Jumladan:
- kichik va o‘rta biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 55 foizga, sanoatda — 34%ga, eksportda — 34%foizga va aholi bandligini ta’minlashda 75%ga yetkazish;
- kamida 600 nafar kichik va o‘rta biznes subyektlarining yiriklashishiga ko‘maklashish orqali ularni “chempion” tadbirkorlarga aylantirish;
- 100 nafardan ko‘p ishchisi bor tadbirkorlik subyektlari sonini 4 mingga yetkazish.
2025-yil 1-maydan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar YTT yoki yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganda, davlat boji undirilmaydi.
Shuningdek, o‘z faoliyatini YTT, mikrofirma yoki kichik korxona toifasigacha yiriklashtirgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va tadbirkorlarga Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 50 mln so‘mgacha, Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturi doirasida — 150 mln so‘mgacha garovsiz kreditlar beriladi.
O‘z faoliyatini tegishlicha o‘rta yoki yirik biznes toifasigacha yiriklashtirgan tadbirkorlarga 1 yil davomida QQS summasi o‘rnini qoplash (qaytarish) 7 kun muddatda tezlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.
Bundan tashqari farmon bilan “Chempion” tadbirkorlar ro‘yxatiga kiritish mezonlari belgilandi.
Farmonga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2025-yil 1-iyulga qadar yuridik shaxslarga onlayn rejimda mikrokredit ajratish jarayonlarini soddalashtirish va ularni tezkor tasdiqlash mexanizmlari yo‘lga qo‘yiladi.
Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturi doirasida Ijtimoiy himoya yagona reyestrida turgan ishsiz fuqarolarni ish bilan ta’minlagan kichik va o‘rta biznes subyektlariga ushbu fuqarolar uchun kredit beriladi.
Bunda tashkil qilingan har bir ish o‘rniga qo‘shimcha ravishda 10 mln so‘mdan, 10 va undan ko‘p bunday ish o‘rinlarini tashkil qilgan subyektlarga 100 mln so‘mgacha uch yilgacha muddatga yillik 14% stavkada aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun kredit ajratiladi.
Dastur doirasida “chempion” tadbirkorlarga aylantiriladigan tashkilotlar ro‘yxati shakllantirilib, unga quyidagi mezonlarga javob beradigan tadbirkorlik subyektlari kiritiladi.
- tuman (shahar) darajasida — har bir tuman (shahar)da kamida 2 tadan yillik aylanmasi 10 mlrd so‘mdan yuqori bo‘lgan va 50 tadan ortiq ish o‘rni yaratgan tadbirkorlik subyektlari;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida — har bir hududda kamida 5 tadan yillik aylanmasi 100 mlrd so‘mdan yuqori bo‘lgan va 500 tadan ortiq ish o‘rni yaratgan tadbirkorlik subyektlari;
- respublika darajasida — yillik aylanmasi 1 trln so‘mdan yuqori bo‘lgan va 5 mingdan ortiq ish o‘rnini yaratgan tadbirkorlik subyektlari.
Avvalroq Spot kichik tadbirkorlarga 100 mln so‘mgacha garovsiz mikrokreditlar berilishi haqida yozgandi.
Mazkur mikrokreditlarni olish uchun tadbirkorlar kamida bir yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan va ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lishi kerak.