Rossiya Davlat dumasi Instagram va Facebook’da reklama qilishni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda Forbes Russia nashri xabar berdi.

Qonun 2025-yil 1-sentaabrdan kuchga kiradi. Ungacha uni Federatsiya Kengashi va prezident ma’qullashi kerak.

Bunda faoliyati Rossiyada nomaqbul deb topilgan xorijiy yoki xalqaro tashkilotlarning axborot resurslarida, shuningdek, faoliyati ekstremistik deb topilgan va mamlakatda taqiqlangan kompaniyalar resurslarida reklama tarqatish taqiqlanadi.

Taqiqni buzganlik uchun reklama beruvchi va reklama tarqatuvchi javobgar bo‘ladi. Qoidabuzarlik uchun jarimalar jismoniy shaxslar uchun 2 mingdan 2,5 ming rublgacha, mansabdor shaxslar uchun — 4 mingdan 20 ming rublgacha, yuridik shaxslar uchun — 100 mingdan 500 ming rublgacha.

Forbes so‘rovida qatnashgan ekspertlar YouTube va Instagram kabi platformalarda reklama bozorining pasayishini va blogerlarning VKontakte va Telegram kabi ruxsat etilgan platformalarda reklama integratsiyalari sonining ko‘payishini kutishmoqda.

Bundan tashqari, yashirin reklama (product placement deb ataladigan) soni ortishi mumkin, deb hisoblaydi Forbes suhbatdoshlari.

Blogerlar va agentliklar uyushmasi qonunning 1-apreldan emas, balki 1-sentabrdan kuchga kirishini o‘zlarining “katta g‘alabasi” deb hisoblaganini ta’kidladi.

“Biz ushbu qonun bilan bog‘liq o‘tish davri uchun kurashib, maqsadimizga erishdik. O‘tish davrini yarim yilga uzaytirishga muvaffaq bo‘ldik. Biz aynan shunday muddatni so‘ragan edik,” — dedi uyushma asoschisi va Blacklight agentligi bosh direktori Maksim Perlin.

Perlinning qayd etishicha, masalaning ikkinchi tomoni — bu bozorning o‘zgarishi haqida. Uning taxminicha, YouTube va Instagramdagi reklama bozori taxminan ikki baravarga qisqaradi, ammo butunlay yo‘q bo‘lib ketmaydi.

“Afsuski, bu qonun, ehtimol, ko‘plab blogerlarni avvalgidek noqonuniy usullar bilan pul topishga undaydi. Ya’ni, ular kriptovalyuta orqali naqd pul olishni va reklamani tabiiy postlarga o‘xshatishga harakat qilishni boshlaydilar,” — deb ta’kidlaydi Perlin.

Hozirgacha juda ko‘plab brendlarning byudjeti Instagramda jamlangan, chunki bu reklama postlarini joylashtirish nuqtai nazaridan eng samarali platforma, deydi Didenok Team aloqa agentligi asoschisi Kirill Didenok.

“Qonun kuchga kirgandan so‘ng, brendlar Instagramga sarflangan byudjetlarni qayerga qayta taqsimlash haqida o‘ylashga majbur bo‘ladilar va xuddi shunday samarali, funksional va qamrovli maydonni topish oson bo‘lmaydi,” — deb hisoblaydi u.

Didenokning fikricha, bunday holatlardan keyin ko‘pchilik Telegramga kiradi.


Avvalroq Spot Rossiyada Instagram analogi bo‘lgan Flashes ijtimoiy tarmog‘i ishga tushirilgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, bu yangi platforma Instagram’ga nisbatan xavfsizroq va soddaroq muqobil sifatida taqdim etilmoqda.